Eron Bahrayn hududiga zarba yo‘lladi: jarohatlanganlar bor
Eron tomonidan Bahrayn hududiga berilgan dron zarbalari oqibatida jabrlanganlar soni 32 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi.
Bahrayn Sog‘liqni saqlash vazirligi qayd etishicha, ulardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi qirg‘oq bo‘yidagi Sitra shahriga uchuvchisiz uchoqlar hujumi natijasida ko‘plab uylarga zarar yetkazilgani haqida ma’lum qildi.
Bundan tashqari, o‘lkaning “Bapco Energies” neft va gaz kompaniyasi Yaqin Sharqda davom etayotgan mintaqaviy mojaro ortidan fors-major holatini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil va AQSH 28-fevral kuni yadroviy muzokaralar davom etayotgan bir paytda Eronga hujum uyushtirgan edi. Eron Isroilga, shuningdek, AQSH bazalari joylashgan mintaqadagi bir qancha davlatlarga, birinchi navbatda Qatar, BAA va Bahraynga qarshi javob zarbalarini berdi.
G.Sattorova, O‘zA