Yakshanba kuni Tehron va boshqa shaharlarda talabalarning hukumatga qarshi noroziliklari avj oldi, deb xabar berdi Euronews.
Masalan, Mashhad shahridagi Firdavsiy nomidagi universitet talabalari: “Biz shahidlarni kelishuv uchun qurbon qilmadik”, deb bayonot bergan.
Bu o‘tgan oydagi namoyishlar kuch bilan bostirilganidan keyingi ikkinchi yirik chiqishdir. Kuzatuvchilarning fikricha, talabalar namoyishlari universitetlar hududidan tashqariga chiqib, yana keng ko‘lamli noroziliklarga aylanishi mumkin.
Eronda noroziliklar dekabr oyida iqtisodiy qiyinchiliklar sabab boshlangan va keyinchalik keng ko‘lamli hukumatga qarshi chiqishlarga aylangan edi. O‘shanda xavfsizlik kuchlari namoyishlarni shafqatsizlik bilan bostirgan, hatto avtomat va pulemyotlar ishlatilgani haqida xabarlar bor.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra namoyishlarda 3 000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Biroq AQSHda joylashgan Human Rights Activists guruhi 7000 dan ziyod odam halok bo‘lganini, aksariyati namoyishchilar ekanini bildirmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp namoyishlar paytida 32 000 kishi o‘ldirilganini aytdi, ammo manbani ko‘rsatmadi. Shundan so‘ng Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ijtimoiy tarmoqda “kim bizning ma’lumotlarimizga shubha qilsa, dalil keltirsin”, deb yozdi.
Erondagi vaziyat esa yana keskinlashmoqda. Shvetsiya, Serbiya va Avstraliya o‘z fuqarolariga Eronni tark etish yoki mamlakatga safar qilmaslikni tavsiya qildi.
Tramp Oq uydagi brifingda, biz Eron bilan kelishuvga erishamiz yoki keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘lamiz, degan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aKe25QLNlVk" title="Eron atrofida yana keskinlik kuchaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA