Tehron Vashington bilan davom etayotgan muzokaralarda nafaqat yadro masalasini, balki milliardlab dollarlik iqtisodiy hamkorlikni ham kun tartibiga qo‘ymoqda. Eron tomoni neft-gaz konlari, qo‘shma konchilik loyihalari va hatto samolyot xaridlari bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Mamlakat tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha rahbari o‘rinbosari Hamid G‘anbariyga ko‘ra, bitim barqaror bo‘lishi uchun AQSH ham tez va yuqori iqtisodiy foyda ko‘rishi kerak. Uning ta’kidlashicha, 2015-yilgi kelishuv Qo‘shma Shtatlar manfaatlarini yetarlicha qamrab olmagan va aynan shu omil bitimning uzoq “yashamasligiga” sabab bo‘lgan.
Ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralar o‘n yillik keskinlikni yumshatish va ehtimoliy harbiy to‘qnashuvning oldini olishga qaratilgan. Shu bilan birga, AQSH muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, harbiy ssenariy ehtimolini ham inkor etmayapti. Davlat kotibi Marko Rubio prezident Donald Tramp diplomatik yo‘lni afzal ko‘rishini bildirgan bo‘lsa-da, yakun kafolatlanmaganini tan oldi.
Jenevada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan navbatdagi uchrashuv arafasida Islom Respublikasi ayrim masalalarda murosaga tayyor ekanini qayd etgan. Shunga qaramay, Tehron ichki uran boyitishni to‘liq to‘xtatish talabini qat’iyan rad etmoqda. Muzokaralarning muvaffaqiyati mintaqa xavfsizligi va Eron iqtisodiyotining kelajagi uchun hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.
Avvalroq, agar Tramp buyruq bersa, vaziyat o‘ta jiddiy mojaroga aylanib ketishi mumkinligi haqida yozgan edik. Unda Pentagon allaqachon Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuch, jumladan aviatashuvchi kema, qiruvchi samolyot, boshqariladigan raketa esminetsi kabi faol qurilmalar yuborayotgani, bu esa Eron bilan diplomatik munosabatdagi o‘zgarish kuchayib borayotgani ta’kidlangan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA