Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkinjon Turdimov: “Yoshlardan jinoyat emas, ezgu tashubbuslar kutamiz”
15:02 / 2022-05-20

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining ko‘payib borayotgani achchiq haqiqat. Samarqand viloyatining ayrim hududlarda bu turdagi jinoyatlar umumiy jinoyatlarning 25 foizigacha yetmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida viloyatda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 189 taga oshgan. Jinoyatlarning 13 tasi xotin-qizlar tomonidan, 26 tasi oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan hamda 169 tasi bandligi ta’minlangan, turli korxona va tashkilotlarda ishlovchi yoshlar tomonidan sodir etilganligi ayanchli holat deb baholandi. 

Samarqand viloyati hokimligida videoselektor shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masala mutasaddilar va yoshlar vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Viloyat hokimi E.Turdimov avvalo yoshlarning jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishiga sabab bo‘ladigan holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi. 

– To‘g‘ri, ba’zida ishi, o‘qish joyi tayin bo‘lgan yoshlar ham noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolmoqda, – dedi E.Turdimov. – Lekin aksariyat hollarda yigit-qizlarning ishsiz yoki biror bir foydali mashg‘ulot bilan band emasligi, e’tiborga muhtojligi, huquqiy savodxonligining pastligi ko‘p hollarda ularning jinoyat ko‘chasiga kirib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli mahallalardagi yoshlar yetakchilari har bir yoshning hayoti, orzu-niyatlari bilan qiziqishi, muammosi mavjud yigit-qizlarga yordam berish choralarini ko‘rish lozim.

“Yoshlar daftari” nima uchun tashkil etildi, mahallalarda yoshlar yetakchi lavozimi nima uchun yo‘lga qo‘yildi? 

Aynan shu kabi muammolarga yechim topish, yoshlar ichiga kirib borish uchun-ku. Buni har bir yetakchi, mahalla raisi va sektor rahbari his qilgan holda ishlashi kerak. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarur. 

Muhokamada yoshlar o‘rtasida jinoyatchiliklarning oldini olish va ularni keskin kamaytirish bo‘yicha sektorlarda olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Bu borada Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Bulung‘ur va Jomboy tumanlari sektor rahbarlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga olib borayotgan ishlari talab darajasida emasligi qayd etilib, sektor rahbarlari ogohlantirildi. 

– Yoshlar – kelajagimiz, ertamiz egalari, degan gapni ko‘p aytamiz, lekin hamma ham buning mohiyatini anglamaydi, – dedi viloyat hokimi yig‘ilish yakunida. – Kelajagimizning qanday bo‘lishi yoshlarga emas, sizu bizga, kattalarga bog‘liq. Ularga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berib, ezgu ishlarga yo‘naltirsak, orzu-maqsadlariga erishishlari uchun sharoit yaratsak, qo‘llab-quvvatlasak ertangi kunimiz yorug‘ bo‘lishini ta’minlagan bo‘lamiz.

G‘.HASANOV, O‘zA