Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkinjon Turdimov: Oʻktam Barnoyev Samarqandning fidoyi, sadoqatli farzandiga aylangandi
19:55 / 2020-09-20

Oʻktam Barnoyevning bevaqt vafoti Oʻzbekiston xalqi, xususan, samarqandliklar uchun juda ogʻir judolik boʻldi.


Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Oʻktam Barnoyevning vafoti munosabati bilan hokimlik telegram kanalida oʻz qalb kechinmalari va hamdardligini bayon etdi.

– Yaqin kunlargacha davlatimiz rahbari gʻoyalarini amalga oshirish uchun fidokorona faoliyat koʻrsatib turgan, bosh vazir oʻrinbosari sifatida viloyatimizga kelib, yerdan unumli foydalanish, eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻpaytirish, ularni saqlash, qayta ishlash, dehqonchilik madaniyatini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha loyihalarimizni oʻrganib, sohani rivojlantirish uchun qimmatli yordam va maslahatlar bergan insonni yoʻqotish oson emas, – deb yozadi E.Turdimov. – Bundan tashqari, 20 yil davomida bir safda ishlash jarayonida bir-birimizdan oʻrganib, yaqin doʻst, maslakdosh boʻlib qolgandik.

Oʻktam Barnoyevning bevaqt vafoti Oʻzbekiston xalqi, xususan, samarqandliklar uchun juda ogʻir judolik boʻldi. Negaki, bu inson murakkab sharoitda, Samarqand viloyati hokimi boʻlib ishlaganida bu koʻhna yurtning fidoyi, sadoqatli farzandiga aylanib ulgurgan edi. Oddiyligi, halolligi va tashabbuskorligi bilan odamlar mehrini qozondi. Viloyatda, xususan, Samarqand shahrida juda koʻp ibratli ishlarni amalga oshirdi.

Oʻktam Isayevich Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining chinakam bilimdoni va fidoyisi edi. U kishining tashabbusi va saʼy-harakati bilan Buxoro va Samarqandda, hatto boshqa viloyatlarda boshlangan ibratli tajribalar samarasini berayotir. Bu inson mamlakatdagi barcha rahbar xodimlar oʻrtasida ham katta salohiyatga va hurmatga sazovor edi.

Men doʻstim va koʻpyillik birodarim, jonkuyar hamkasbim Oʻktam Isavich Barnoyevning bevaqt vafoti munosabati bilan ushbu qaygʻuli kunlarda barcha samarqandliklar va shaxsan oʻz nomimdan marhumning oila aʼzolari, qarindoshlariga, buxoroliklarga, respublika jamoatchiligiga chuqur taʼziya izhor qilaman.

Oʻktam Isayevichning nomi, respublika mustaqilligini mustahkamlash yoʻlida qilgan yaxshi ishlari, qoldirgan ibratli fazilatlari qatorida qalbimizda doimo abadiy yashaydi.