Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkinjon Turdimov Navbahordagi ishlarni ko‘zdan kechirdi
14:21 / 2022-12-03

Samarqand viloyatidagi olis mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayni paytda bu jarayon Payariq tumanining Navbahor mahallasida davom etmoqda.

Qisqa vaqt ichida mahallaning Beshkapa, Kindikli, Tuyoqli, Abduraxmon va Ko‘ktepa qishloqlarining uch kilometrdan ortiq tuproq ko‘chalariga shag‘al to‘shaldi. Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish va aholini barqaror elektr bilan ta’minlash maqsadida 141 dona beton ustun o‘rnatish boshlanmoqda. To‘rtta eski transformator yangisiga almashtirilmoqda. Olti qishloqdagi aholiga qo‘shimcha yuz donadan ortiq maishiy gaz balon tarqatildi.  

Ko‘ktepa qishlog‘idagi suv inshootini ta’mirlash ishlariga kirishildi. Shu paytgacha aloqa va internet tarmog‘i muammo bo‘lgan navbahorliklar endi bu masalada qiynaylmaydi. Kindikli va Beshkapa qishloqlariga optik tolali tarmoq tortilib, aholi internetga ulanmoqda.  

Uch kundan buyon 3800 dan ortiq mahalla aholisi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mobil guruhi tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Bugun Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ushbu mahallada bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Aholi bilan suhbatlashib, ularni qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklarni eshitdi.  

– Hech bir masala e’tibordan chetda qolmaydi – dedi E.Turdimov. –Tumanning boshqa mahallalarida qanday shart-sharoit, imkoniyat bo‘lsa, Navbahorda ham shunday sharoit yaratamiz. To‘g‘ri, muammolar kam emas, lekin hammasini xalq bilan bamaslahat, bosqichma-bosqich hal qilamiz. Birinchi navbatda ta’lim, tibbiyot muassasalari va aholining birlamchi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratiladi.

Viloyat hokimi mahalladagi ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan ham xabar oldi.

G‘.HASANOV, O‘zA