Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkinjon Turdimov: boqimanda odamga moddiy yordam bermaymiz
15:20 / 2021-08-30

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning navbatdagi sayyor qabuli Payariq tumanida o‘tkazildi.

Qabulda ushbu tuman aholisi bilan birga Qo‘shrabot va Ishtixon tumanlaridan ham murojaatchilar ishtirok etdi.

 – Qonuniy yechimi bor, bizning vakolatimizga tegishli masalalar bo‘lsa, albatta yordam beramiz, – dedi qabul avvalida E.Turdimov. – To‘rt muchasi sog‘, tomorqasi bo‘la turib moddiy yordam so‘rab kelgan boqimandalarga yordam berilmaydi. Marhamat, ishlayman, tadbirkorlik qilaman degan kishiga yordam beramiz, qo‘llab-quvvatlaymiz. Tadbirkorlikka, kasbga o‘qitamiz. Shu yerning o‘zida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham o‘tkazilmoqda. Agar ishsiz bo‘lsangiz, vakant joylar bilan tanishing, o‘zingizga munosib ish topasiz.

Hokim bilan birga viloyat sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi mudiri, boshqarma va idoralar boshliqlari, Payariq, Qo‘shrabot va Ishtixon tumanlari hokimlari ham murojaatchilarni qabul qilib, ularning muammo va masalalarini eshitdi.  

Ta’kidlash joizki, avvallari rahbarlar sayyor qabulida murojaatchilar asosan, shaxsiy masalalari bilan kelardi. Endilikda bunday murojaatlar ancha kamaydi. Payariqda ham o‘z mahallasi, qishlog‘idagi muammolarni aytish uchun kelganlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Asosiy murojaatlar yo‘llarni ta’mirlash, transformator va ko‘chalarda tungi yoritkichlar  o‘rnatish, eski simyog‘ochlarni almashtirish, ichimlik suvi va suyultirilgan gaz ballonlari ta’minoti bilan bog‘liq bo‘ldi.

– Mahallamizdagi elektr simyog‘ochlarni temirbeton tayanch ustunlarga almashtirish masalamida yordam berishlarini so‘rab qabulga kelgandim – deydi Payariq tumanidagi Qirqovul mahallasida yashovchi O‘tkir Qosimov. – Viloyat hokimi tegishli idoralar rahbarlariga topshiriq berdi va yil yakunigacha bu muammo hal etiladigan bo‘ldi.  

Sayyor qabulda subsidiyali uy-joy olish, tibbiy yordam masalalari bo‘yicha ham murojaatlar salmoqli bo‘ldi. Ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, o‘rganish talab etadigan murojaatlar yuzasidan mas’ullar va aniq muddat belgilandi.

Transformator, elektr uzatish ustunlarini yangilash, ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha murojaatlar ko‘pligi sababli alohida dastur ishlab chiqilib, masalalar bosqichma-bosqich hal etiladigan bo‘ldi.  

Qarib yetti soat davom etgan sayyor qabul davomida 612 nafar fuqaroning mingdan ortiq murojaati ko‘rib chiqildi.

G‘.HASANOV, O‘zA