Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Samarqand shahrida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mahalla tizimi xodimlarini tabriklab, ularning mehnatini alohida e’tirof etdi.
– bugungi kunda viloyatda 1126 mahalla mavjud, – dedi E.Turdimov. – Ushbu fuqarolar yig‘inlaridagi “beshlik” tomonidan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va obod maskanga aylantirish, aholi turmush darajasini oshirish, bandlikni ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va boshqa yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil mahalla tuzilmasi o‘zgardi, yangicha ish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli mahalla raisining yaqin ko‘makchisi bo‘ldi, ularning hamkorligi qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Aslida eng qiyin, murakkab vazifa mahalla raisi, faollarining ishi. Chunki ular xonadonma-xonadon yurib, odamlar bilan muomala, munosabat qiladigan kishi, ularning dardu tashvishidan boxabardirlar. Ular o‘z ishini a’lo darajada bajarar ekan, o‘sha hududda yaxshi natijalarga erishish mumkin.
Tadbirda mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan tabrik yo‘llangani hamda bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ta’kidlandi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan to‘rt nafar mahalla fidoyilari orden va medallarga sazovor bo‘ldi. Tantanali tadbirda ushbu mukofotlar o‘z egalariga topshirildi. Shuningdek, viloyatda mahallalar ishini rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun bir guruh samarqandliklarga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni topshirildi.
– Bugun mahalla tizimida aholiga yordam berish imkoniyati ko‘paydi, – deydi Qo‘shrabot tumanidagi “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Shuhrat Sayfullayev. – Bizning mahallada shu paytga qadar asfalt ko‘chaning o‘zi yo‘q edi, shag‘al to‘shalgan yo‘l bo‘lsa qaniydi, derdik. O‘tgan yili 2,5 kilometr yo‘l asfalt qilindi. Bog‘cha yo‘q edi, keyingi yillarda to‘rtta oilaviy bog‘cha, bitta 60 o‘rinli davlat bog‘chasi qad rostladi. Mahallamizning binosi ham o‘tgan yili homiylar yordamida qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu kabi ezgu ishlar hamon davom etmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA