Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkinjon Turdimov 2020 yilning dastlabki ish kunini samarqandlik yoshlar bilan uchrashishdan boshladi
16:33 / 2020-01-03

Uchrashuvda Samarqandda haftaning chorshanba kunini yoshlar kuni sifatida belgilash va shu kuni har bir hududda yoshlar muammolarini o‘rganish hamda hal etish taklifi bildirildi.


Samarqand shahridagi yoshlar markazida o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida asosiy e’tibor Prezidentimizning 2019 yil 27 dekabr kuni Toshkent shahridagi al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktabda yoshlar vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvida ko‘tarilgan masalalar, 2019 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha qilingan ishlar va 2020 yilgi vazifalarga qaratildi.

– Har bir rahbar yoshlarning dardi mening dardim deb bilishi kerak, – dedi uchrashuvda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov. – Joylarda tashkil etiladigan “Hokim va yoshlar” uchrashuvlariga muammosi mavjud, yordamga muhtoj, uyushmagan yigit-qizlarning ishtirokini ta’minlash lozim. Bunday uchrashuvlarni nomigagina o‘tkazish, har doim qatnashadigan, savollari tayyorlab berilgan yoshlarni jalb qilish, muammolarni qog‘ozdagina bajarish amaliyotidan voz kechish kerak.

Uchrashuvda Samarqandda haftaning chorshanba kunini yoshlar kuni sifatida belgilash va shu kuni har bir hududda yoshlar muammolarini o‘rganish hamda hal etish taklifi bildirildi.

Tadbirda yoshlar vakillari viloyat hokimiga o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar, yechimini kutayotgan muammolarini aytishdi, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, kasb-hunar o‘rganishi, tadbirkorlik qilishi va boshqa masalalar yuzasidan taklif, istaklarini bildirdi.

– Samarqand shahrida jamoat transporti betartib harakatlanadi, – dedi Samarqand shahridagi 20-maktab yoshlar yetakchisi Sayyora Baxriddinova. – Masalan, aksariyat yo‘nalishlarda soat 18 dan keyin avtobuslar qatnovni to‘xtatadi. Haydovchilarning ko‘pchiligi yo‘lovchilar xavfsizligini xavf ostiga qo‘yib, bir-birini quvlab o‘tadi, bekatlarda uzoq vaqt to‘xtab qoladi yoki to‘xtamay o‘tib ketadi.

– Bu kabi masalalar eng og‘riqli nuqtalarimiz, – dedi E.Turdimov ushbu fikr yuzasidan o‘z munosabatini bildirar ekan. – Ularni hal etishda jamoatchilik nazorati muhim, albatta. Fursatdan foydalanib bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman, ya’ni qalbi qaynoq, yuragida vatanparvarlik tuyg‘usi jo‘shgan 50 nafar yosh yigit-qizga zamonaviy telefon apparati olib bersak. Ular jamiyatimizda uchrayotgan muammoli holatlarni suratga olib, viloyatdagi jurnalistlarning telegram guruhlariga uzatsa, so‘ngra bu axborotlar ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda yoritiladi va har bir mas’ul rahbar shu muammoni vaqtida bartaraf etish chorasini ko‘radi.

Kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimi Urgut tumanidagi tog‘li qishloqlar yoshlari bilan uchrashib, ularning maqsad-o‘ylari bilan qiziqdi. Savol va takliflarini eshitdi.