Xalqimiizning sevimli lirik shoiri Erkin Vohidovning turkum she’rlari “Qasidai inson” nomi bilan “Tafakkur” nashriyoti tomonidan tojik tilida nashr etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan "UN75" onlayn-tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, shoir Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi o‘zbek, tojik, qozoq, turk, arab, ingliz, rus va italyan tillarida yangrashi har birimizning qalbimizni iftixor va g‘ururga to‘ldirgan edi.
Benazir shoirimizning tariximiz, taqdirimiz bir bo‘lgan qardosh xalqlarning tillariga tarjima qilingan she’rlari tojik tilida so‘zlashuvchi kitobxonlarning ham ma’naviy mulkiga aylanib ulgargan. Shoirning qo‘shiqqa aylangan she’rlari tojikcha zabonda ham sevib kuylanadi.
Shunigng uchun Erkin Vohidovning she’rlari, g‘azallaridan namunalar o‘rin olgan “Qasidai inson” deb nomlangan mo‘’jaz to‘plami tojik tilida so‘zlashuvchi she’riyat muxlislariga yana bir yaxshi sovg‘a bo‘ldi.
To‘plamga kirgan she’rlar zillisonayin shoir va mohir tarjimon Ja’far Muhammad Termiziy tomonidan tarjima qilingan.
To‘plam O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi grant mablag‘i bilan Jizzax viloyati tojik milliy madaniy markazi tomonidan nashrga tayyorlandi.
“Qasidai inson” she’ri bilan boshlanuvchi to‘plamga shoirning “O‘zbegim”, “Do‘st bilan obod uying”, “Dutorim tori ikkidur”, “Tojik do‘stlarimga” kabi insoniylikni, do‘stlikni, muhabbatni madh etuvchi o‘ttizdan ziyod she’ri kiritilgan.
– Kitobni ta’lim tojik tilida olib boriladigan maktablarga, kutubxonalarga bepul tarqatish niyatidamiz, – deydi Jizzax viloyati tojik milliy madaniy markazi rahbari Abdukarim Sharipov. – Erkin Vohidov she’rlari nafaqat badiiy go‘zalligi, balki umuminsoniy ma’naviyat g‘oyalarining teran talqini bilan ham katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda “Qasidai inson” to‘plami ham yoshlarimizni ma’naviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashdek ezgu maqsadni amalga oshirishimizga xizmat qiladi, deb niyat qildik.
Milliy madaniy markazda millatlararo do‘stlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan yana bir savob ish amalga oshirilayotir. “Turon nashr” nashryotida milliy markaz tomonidan tayyorlangan “Forish: odamlar va udumlar” nomli ilmiy ommabop kitob chop etilish arafasida turibdi. Kitobdan qadimdan bir makonda, bir zamonda yashab kelayotgan o‘zbek va tojik xalqlarining mushtarak udumlari, an’analari, urf-odatlari haqida hikoyalar, ilmiy ommabop maqolalar, ma’lumotlar, suratlar o‘rin olgan. .
Shu o‘rinda tojik milliy madaniy markazining xalqlarimiz o‘rtasida tarixiy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, ayniqsa madaniy aloqalarni kuchaytirishda tahsinga loyiq ishlarni amalga oshirib kelayotganligini aytib o‘tish kerak. Markaz tomonidan baynalmilal do‘stlik festivallari, milliy ko‘rgazmalar, adabiyot san’at nomoyandalari bilan uchrashuvlar, adabiy-badiiy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinayotir.
Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA