Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobi Ozarbayjonda chop etildi
17:58 / 2024-04-16

O‘zbekiston Qahramoni, ustoz ijodkor, atoqli shoir Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobi Ozarbayjonda chop etildi.

Kitobni ozarbayjonlik yozuvchi va publitsist, adabiyotshunos Almaz Ulvi Binnatova ozar tiliga tarjima qilgan. 

Erkin Vohidov adabiyotning turli janrlarida sermahsul va samarali ijod qilgan, ona tilimizning chin ma’nodagi posbonlaridan bo‘lgan qalamkash edi. Aytish kerakki, 2014-yilda chop etilgan “So‘z latofati” kitobi el og‘ziga tushib, matbuotda bahs-u munozaralarga sabab bo‘lgandi. 

Kitobga taniqli tilshunos, adabiyotshunoslar, chet ellik olimlar, adiblar munosabat bildirdilar. Keyinchalik ushbu kitobning to‘ldirilgan ikkinchi nashri chop etildi. Unga muallifning ona tilimiz borasida turli yillarda yozilgan risolalari, matbuotdagi chiqishlari ham kiritildi. Asar yangi boblar bilan boyitildi. 

Kitob so‘zboshisida ustoz Erkin Vohidovning keltirgan so‘zlari har qaysi kitobxonda o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmati va ehtiromini yanada kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz. 

“...Rasul Hamzatov avar tilida gapirganda eshitib hayratga tushganman. Qoyil qolib emas, shu tilda ham she’r yozib bo‘ladimi, deb yoqa ushlaganman. Ikki avar so‘zlashsa, o‘dag‘aylashayapti, deb o‘ylaysiz. Tishda yong‘oq chaqqandek qarsillagan, tosh yo‘lda arava yugurgandek taraqlagan ovozni eshitasiz. Lekin avar o‘z tilini sevadi. Ulug‘ shoirlar bu tilda o‘lmas she’rlar yozib qoldirganlar. O‘zbek tilim boshqalarga qandoq, bilmayman, lekin men uchun dunyoda eng boy, eng go‘zal, eng barkamol til...” 

Darhaqiqat, ushbu kitobda Erkin Vohidovning ona tilimizni asrab-avaylash borasidagi kuyinchaklik bilan bildirgan fikr-mulohazalari, hayotiy qarashlari, nuqtayi nazari o‘z ifodasini topgan. Asar o‘z millatini, ona tilini qadrlovchi har bir o‘quvchi, shu jumladan, ozarbayjonlik o‘quvchilar tomonidan ham katta qiziqish bilan mutolaa etilishi shubhasiz. 

Nazokat Usmonova, O‘zA