Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkin va farovon hayotga munosiblik mas’uliyati
17:42 / 2020-12-21

30 yil bosib o‘tgan yo‘limizga nazar solar ekanmiz, bugungi dorulomon zamonlar o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqmaganini, osmondan tushmaganini, uning zamirida garovga tikilgan hayot, zahmatli mehnat, g‘oyalar to‘qnashuvi, tinchlik va osoyishtaligimizga tahdidlar, barqarorligimizga xurujlar, jaholatga qarshi kurash va boshqa ko‘plab jarayonlar mavjud ekanini bilmog‘imiz, his qilmog‘imiz, anglamog‘imiz, avaylamog‘imiz kerak.

 Binobarin, har bir zamonning o‘z davriy talablari, tartib-qoidalari, xato-kamchiliklari, siymolari, yetakchilari bo‘lganidek, har bir davrning bosib o‘tishi muqarrar bo‘lgan bosqichlari, qonuniyatlari, haqiqatlari ham bor.  

 Shunday haqiqatlardan biri – yurtimizning o‘z mustaqilligini e’lon qilgandan keyin rivojlanib ketishi, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ma’naviy qaramlikdan qisqa muddatlarda o‘nglanib, o‘zining yo‘lini topib olishiga “sidqidildan” ishonmaganlar ham bo‘lganligi. Dastlabki paytlari bu jur’atni hamma ham birdek anglamagani rost. Ko‘p o‘tmay vaziyat yana o‘z holiga qaytishiga ishonib, “sichqonning inini koshona” deb bilganlar, jiddiy bir harakat qilishdan tiyilib turganlar ham bo‘lgan. Chunki, sobiq ittifoqda o‘zaro iqtisodiy aloqalar shunday yo‘lga qo‘yilgan ediki, bir respublika boshqa bir respublikaga xom-ashyo etkazib bermasa, “qorni och, usti yupun qolishi” hech gap emas edi.  

 O‘sha davr uchun tanlangan to‘g‘ri va oqilona siyosat natijasida tarixan juda qisqa muddatda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Jahon hamjamiyatidan munosib o‘rnimizni topdik. Endigi vazifamiz esa, ana shu joyimizni mustahkamlash, muvaffaqiyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, bunyodkorlik salohiyatimizni yuksaltirishdan iborat bo‘ladi.  

 Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari yuz tutgan Vatanimiz – O‘zbekistonning yangilanayotgan qiyofasini shakllantirish, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan insonparvar islohotlarni amalga oshirishga astoydil kirishildi. Bu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat aholisining oliy qadriyat deb e’tirof etilgan konstitutsiyaviy haq-huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini hamda hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashdan iborat etib belgilandi.  

 Ushbu maqsadga erishish, avvalo, uzoq yillar davomida to‘planib qolgan, xalqimizni qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlashdan boshlandi. Barcha viloyat, tuman va shaharlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etildi, murojaatlarni qabul qilishning elektron tizimi, virtual qabulxonalar, xalq bilan bevosita muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Bugun xalq dardini, muammosini yechish uchun, yumshoq kursidan tushib, salqin xonadan chiqib, xalqning oldiga kelish, uyma-uy yurib dardini tinglash, muammosini o‘rganib, yechim topish, pirovard natijada xalqni rozi qilish davlat idoralari va barcha rahbar xodimlarning birinchi galdagi vazifasiga aylandi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan insonparvar g‘oya davrimizning asosiy shioriga aylandi.  

 Iqtisodiy islohotlar, turizmni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, soliq yukini kamaytirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish, yangi-yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholining band bo‘lmagan qatlamlarini doimiy ish bilan ta’minlash natijasida ishsiz oilalar uchun doimiy daromad manbalari yaratilib, kambag‘allikni qisqartirishga erishayotganimiz ham ayni haqiqatdir.  

 Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi bosib o‘tgan rivojlanish yo‘limizni sarhisob qilish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarini chuqur tahlil qilish orqali oldimizda turgan ustuvor vazifa – O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri uchun poydevor yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni yanada kuchaytirishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Aynan shu masalalar davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topgan.Ta’kidlash joizki, bugun yurtimizda olib borilayotgan insonparvar islohotlar ko‘lami nihoyatda keng. Ularning samarasi tufayli oddiy odamlarning hayotdan rozilik darajasi ortib, ertangi kunga mustahkam ishonchi paydo bo‘lmoqda. Yurtdoshlarimiz barcha jabhalarda olib borilayotgan islohotlar samarasini, xususan, aholi uchun munosib hayot darajasi va sifati ta’minlanayotganini o‘z turmushi misolida ko‘rib turibdi. Bu esa fuqarolarning baxtli-saodatli, farovon umr kechirishini kafolatlash, huquq va erkinliklarini muhofaza etish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi ekanidan dalolatdir.  

Zero, ertangi kunga ishonch, fidoyilik, jur’at, yakdillik, ahillik, sadoqat va tinimsiz mehnat – erkin va farovon yashashga olib boradigan birdan-bir to‘g‘ri yo‘l ekanligi ayni haqiqatdir.  

 Gulruh Agzamova,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA