Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkin va adolatli saylov – demokratiyaning muhim sharti
12:00 / 2021-07-26

Davriylik tamoyiliga amal qilgan holda vaqti-vaqti bilan soxtalashtirilmagan, erkin va adolatli, ochiq va oshkora saylovlarning o‘tkazilishi bu – mamlakatda demokratik taraqqiyot yo‘li tanlaganligining yorqin ifodasidir.

Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasida: «Xalqning xohish-irodasi hukumat hokimiyatining asosini tashkil etishi kerak, bu xohish-iroda davriy va soxtalashtirilmagan saylovlarda o‘z ifodasini topishi lozim» deb, mustahkamlangan.

Saylovlarning davriyligi va majburiyligi prinsipi O‘zbekiston qonunchiligida ham o‘z aksini topgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti fuqarolar tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Yoki bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunlarning 5-moddasida tegishincha Qonunchilik palatasining vakolat muddati — besh yil. Senatning vakolat muddati — besh yil etib belgilangan. Ushbu normalar O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 61-, 67- va 75-moddalarida ham o‘z aksini topgan. Yuqoridagi qonun talablariga muvofiq har besh yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylov o‘tkazilishi shart. Bunday vakolat muddatining aniq belgilanganligi va davriyligi odatda jahon amaliyotiga to‘g‘ri keladi hamda saylovoldi dasturlarining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish, faoliyatning amaliy natijalarini ko‘rish imkonini beradi va davlat hokimiyati organlarining yangilanishi davriyligini ta’minlaydi.

Ushbu demokratik tamoyilga amal qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021 yil 23 iyulda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish kunini belgilash va saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida» qaror qabul qilindi. Qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 2021 yil 24 oktyabr kuni o‘tkazilishi belgilandi va saylov kampaniyasi joriy yil 23 iyuldan boshlanganligi e’lon qilindi. Shu tariqa, mamlakatimizda erkin va adolatli, ochiq va oshkora saylov boshlandi.

Erkin saylov huquqi saylovchilarga va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga hech qanday ta’sirsiz, zo‘ravonliksiz, zo‘ravonlik ishlatish tahdidisiz yoki boshqa noqonuniy ta’sirsiz o‘zining saylovda ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi xususida qaror qabul qilishi, ovoz berish jarayonida o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi va hech qanday nazoratsiz, yashirin ovoz berishi uchun imkon beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-moddasiga asosan saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi. Byulleten to‘ldirishda ovoz berish xonasida saylovchidan tashqari boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi.

Erkin saylov huquqi saylov jarayonining ishtirokchilariga, saylov komissiyasi a’zolariga saylov natijalari va ovoz berish natijalari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar jazolanishdan yoki ta’sir ko‘rsatishdan qo‘rqmasdan qonunda yo‘l qo‘yilgan shakllarda va qonuniy usullarda qaror qabul qilish imkonini beradi.

Saylov kodeksining 11-moddasiga muvofiq saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Adolatli saylov prinsipini tatbiq etish uchun mamlakatimiz saylov qonunchiligida barcha huquqiy asoslar yaratilgan. Bunday saylovlar saylov jarayoni barcha ishtirokchilariga saylovda ishtirok etish uchun teng huquqiy sharoitlarni ta’minlaydi. Teng saylov huquqi prinsipi nazarda tutganidek, har bir fuqaro saylovda teng asoslarda ishtirok etishga haqli va har bir ovoz bir xil kuchga ega. Har bir fuqaro bir ovozga ega va boshqa fuqarolar bilan teng asosda o‘zining ovoz berish huquqini amalga oshirishga haqli. Har bir saylovchi ovoz berishda ishtirok etish huquqini amalga oshirish uchun saylov uchastkasidan, shuningdek ovoz berish xonasidan teng ravishda va to‘siqsiz foydalanishi mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligida saylovlarning ochiqligi va oshkoraligi prinsipiga alohida o‘rin berilgan. Xususan, Saylov kodeksining 8-moddasiga asosan saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash va himoya qilish bilan bog‘liq qarorlar rasman e’lon qilinadi va saylov qonunlarida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda keng jamoatchilik e’tiboriga yetkaziladi. Ushbu prinsipga rioya etish saylovlarni milliy va xalqaro kuzatishni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. O‘zbekiston qonunchiligi milliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishini mustahkamlab qo‘ygan. Xalqaro kuzatuvchilarning hozir bo‘lishi saylovning ochiqligi va oshkoraligiga, davlatlarning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishiga ko‘maklashadi.

Saylov kodeksidagi ushbu talabni amalga oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 23 iyulda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Matbuot markazining nizomi tasdiqlandi. Shu kunning o‘zida Matbuot markazining ochilish va taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qarorda belgilanganidek, Matbuot markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq brifinglar, matbuot anjumanlarini tayyorlash va o‘tkazish, jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot berib borish va ma’lumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid axborot materiallarini saylovchilarga, nomzodlarga, kuzatuvchilarga va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha “Saylov2021» veb-portalini va boshqa axborot resurslarini yuritilishini ta’minlaydi.

Davriylik prinsipiga amal qilgan holda saylov o‘tkazish demokratik jamiyatning belgisi va shartidir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilganidek, «Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir». Haqiqatan, demokratiyani saylov huquqining umume’tirof etilgan prinsiplarga muvofiq o‘tkaziladigan va demokratik tusga ega saylovlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Zero, demokratiya — bu xalq hokimiyatchiligi demakdir.

Shunday ekan, davlatni idora etishda xalq bevosita yoki bilvosita ishtirok etishi lozim. Davlat hokimiyatini, uning organlari va institutlarini shakllantirish uchun ochiq-oshkora, erkin va adolatli saylovlar o‘tkazilishi kerak. Bunday saylovlarda fuqarolar o‘z xohish irodasini erkin ifoda qilishi uchun barcha sharoitlar, huquqiy kafolat ta’minlanishi zarur.

«Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi»ning 21-moddasida shunday deyilgan: «Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Har bir inson o‘z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega.»

Xo‘sh, milliy saylov qonunchiligimizda yuqoridagi huquq nechog‘lik ta’minlangan? Buning uchun, avvalo Konstitutsiyamizga murojaat qilamiz. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatimiz fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Konstitutsiyaning 117-moddasida qayd etilganidek: «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar».

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-moddasiga muvofiq, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir. Saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’iy nazar, teng saylov huquqiga egadir».

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-moddasida saylovda erkin va yashirin ovoz berilishi, saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanishi qat’iy belgilangan.

Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq esa – saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshirishi, saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishi to‘g‘risida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida xabardor etishlari, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtirishlari, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi ma’lumotlarni ma’lum qilishlari lozim.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib borishlari, saylov komissiyalarining majlislari ochiq o‘tkazilishi, ularning qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi yoki qonunda belgilangan tartibda hammaga ma’lum qilinishi lozim.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Shuningdek, saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradilar. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatida mamlakat Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladilar.

O‘zbekistonning milliy manfaatlari va qadriyatlariga zid bo‘lmagan xalqaro huquqda umume’tirof etilgan demokratik normalarning milliy qonunchiligimizda aks etganligini yana ko‘plab misollar orqali yoritish mumkin. Zero, O‘zbekiston inson huquqlariga sodiqligini butun dunyoga e’lon qilar ekan, o‘zi ratifikatsiya qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarda belgilangan asosiy qoidalarni milliy qonunchilikka to‘liq implementatsiya qilib kelmoqda.

Darhaqiqat, mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzi ko‘p jihatdan unda amal qilayotgan saylov tizimining ochiq va oshkoraligiga, xalqaro huquqda umume’tirof etilgan demokratik normalarga muvofiqligiga ham bog‘liq. Chunki saylovga kuchli fuqarolik jamiyatiga ega bo‘lgan demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalq xohish-irodasining erkin ifodalanishi, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishining asosiy shakli sifatida baho beriladi.

Demokratik davlatchilik rivojida xalq bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar bir shaxsning yoki bir guruh shaxslarning xohish-irodasi bilan emas, balki qonun asosida tartibga solinishi muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun qonun ustuvorligi demokratik huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri, deb e’tirof etiladi. Zero, qonun ustuvorligi mamlakatda adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Jahondagi rivojlangan demokratik huquqiy davlatlar konstitutsiyalaridan o‘rin olgan qonun ustuvorligi prinsipi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, insonparvar adolatli islohotlari, ochiqlik va oshkoralik siyosati, mintaqada va butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha dolzarb tashabbuslari tufayli xalqaro hamjamiyatda egallagan munosib o‘rni yildan-yilga mustahkamlanib, nufuzi yuksalib, butun dunyoga ijobiy imidji bilan tanilayotgan, milliy yuksalish sari dadil qadam tashlagan jonajon mamlakatimiz – O‘zbekistonda xalqaro saylov standartlariga muvofiq, erkin va adolatli, ochiq va oshkora saylov o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi. Bu jarayonda faol ishtirok etish har birimizning muqaddas burchimiz.

Xudoyor MAMATOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi kotibi