Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkin kurashchilarimiz Qirg‘izistonda zafar quchdi
21:05 / 2022-12-22

Qirg‘izistonda erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan “PWL-3 World Series” tasnifidagi nufuzli xalqaro turnir hamyurtlarimiz uchun omadli keldi.

Eron, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston, Qozog‘istonning yetakchi sportchilari g‘oliblik uchun bahs olib borgan turnirda 2 nafar erkin kurashchimiz O‘zbekiston sharafini himoya qildi.

O‘nlab Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlari qatnashgan musobaqaning 71 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Ilyos Bekpo‘latov saralash bellashuvlarida muvaffaqiyatli qatnashdi. U final bahsida rossiyalik jahon chempionati sovrindori Yevgeniy Jerbeyev bilan ro‘baro‘ keldi. Shiddatli bellashuvda terma jamoamiz a’zosi raqibini 4:2 hisobida mag‘lub etdi.

57 kilogrammda ishtirok etgan "Tokio – 2020" Olimpiadasi ishtirokchisi G‘ulomjon Abdullayev saralash musobaqalarida Bekpo‘latovning natijasini takrorladi. Oltin medal uchun bahsda esa azaliy raqibi, Tokio Olimpiadasi chempioni Zaur Uguyev bilan to‘qnash keldi. Teng kurashlar ostida o‘tgan bellashuvda hakamlarning qarori bilan g‘oliblik rossiyalik sportchi foydasiga hal etildi. Hisob 3:2 ko‘rinishini oldi.

Shu tarzda erkin kurashchilarimiz “PWL-3 World Series” tasnifidagi nufuzli xalqaro musobaqani oltin va kumush medal bilan yakunladi, – deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

T. RO‘ZIEV, O‘zA