Erkin kurash: Umidjon Jalolov jahon chempionati finalida
Serbiyaning Novi-Sad shahrida sport kurashlari bo‘yicha U23 yosh toifasida davom etayotgan jahon chempionatida erkin kurash bahslarining ikkinchi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun omadli boshlandi.
Xabar berganimizdek, chempionatda -57 kg. vaznda gilamga chiqqan terma jamoamiz a’zosi Nodirbek Jumanazarov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
-65 kg. vaznda kurashgan terma jamoamiz a’zosi, 2018 yili yoshlar o‘rtasida o‘tgan Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Umidjon Jalolov saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tib, finalga yo‘l oldi.

Mahoratli kurashchimiz Jalolov 1/8 finalda ukrainalik Mikita Goncharovni 3:2, 1/4 finalda ozarbayjonlik Ayxan Abdullazadani 6:1, 1/2 finalda esa qirg‘izistonlik Bilol Sharip Uuluni 5:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Bugun, 27 oktyabr kuni Umidjon Jalolov jahon chempionatining final bellashuvida hindistonlik Sujit Sujit bilan oltin medal uchun kurashga kirishadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA