Mamlakatimizda joriy yil erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan 332 loyiha, kichik sanoat zonalarida 9,5 trillion so‘mlik 1 ming 845 loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov ma’lum qildi.
Mamlakatimizda mavjud 23 ta maxsus iqtisodiy zona jami 8,8 ming gektar yer maydonini egallaydi. Ulardan 3,9 ming gektarida qiymati 5,3 milliard dollar bo‘lgan 895 ta investitsiya loyihasi joylashtirilgan.
Maxsus iqtisodiy zonalarning qolgan 4,9 ming gektari investitsiya loyihalarini joylashtirish mumkin bo‘lgan bo‘sh yer maydonlari hisoblanadi.
Ularning 65 foizi zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan to‘liq ta’minlanmagan. Maxsus iqtisodiy zonalarning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga xalaqit berayotgan eng katta to‘siq ham mana shu muammo hisoblanadi.
bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan 60 ta kichik sanoat zonasi zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan to‘liq ta’minlanmagan.
Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlashga 2021 yilda 1,6 trillion so‘m, 2022 yilda 1,8 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Joriy yil erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar asosan iqtisodiyotimizning o‘sish nuqtasi hisoblangan elektrotexnika, charm-poyabzal, qurilish materiallari, neft-gaz, farmatsevtika, turizm, issiqxona xo‘jaliklari, xalq iste’mol mollarini ishlab chiqarish sanoati yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Natijada 20 ming 298 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu esa shu yilning yakuni bilan 400 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 350 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarish hamda davlat byudjetiga qo‘shimcha 2 trillion so‘mdan ko‘p mablag‘larni yo‘naltirishga imkon beradi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA