Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkin iqtisodiy zonalar mamlakat sanoati rivojiga katta hissa qo‘shmoqda
17:28 / 2024-08-10

Qaror va ijro

Keyingi yillarda hududlarda maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil qilishga e’tibor yanada ortdi. Ularni zarur infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari sezilarli kengaydi.  

Bunday majmualarning tashkil etilishi, avvalo, tadbirkorlarga qulaylik yaratmoqda. Yaxlit joylashuv, qulay kommunikatsiya evaziga mamlakatda sanoat rivojlanmoqda. Yaqin o‘tgan yillarda yurtimizda qo‘shimcha qator erkin iqtisodiy zona va kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Ularda juda ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Bu, o‘z navbatida, qanchadan-qancha yangi ish o‘rinlari yaratildi degani. Quvonarlisi jarayon izchil davom etmoqda.  

Bu kabi zonalardagi korxonalar katta qiymatdagi eksport imkoniyatiga ega. Masalaning yana bir muhim tomoni, olis va chekka hududlarga ham sanoat kirib bormoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyulda qabul qilingan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi islohotlarning yana bir namunasi bo‘ldi.  

Qaror bilan mazkur iqtisodiy zona hududi 210 gektardan ortiqroqqa kengaytirildi. Muhim jihati, 2026 yil yakuniga qadar 1 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtiriladi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 iyul kuni Quva tumanida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari ushbu yig‘ilishda ham “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish masalasi va uning ahamiyatiga alohida to‘xtalgan edi.  

– “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida shu kungacha 97 ta loyiha to‘liq ishga tushgan, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Azimjon Yo‘ldoshev. – Yana 135 tasida qurilish montaj ishlari olib borilmoqda. Bu loyihalar to‘liq ishga tushsa 15 mingtaga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Prezidentning yangi qaroridan keyin hududda import o‘rnini bosuvchi, eksport qilinadigan mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati kengayadi. Iqtisodiy zonaning hududi kengayishini bugungi kun talabi deyishi mumkin. Chunki mavjud yer maydonlari boshqa loyihalar bilan band bo‘lgan.  

Ishlab chiqarish yo‘nalishlarini ko‘paytirish maqsadida mahalliy tadbirkorlarga sanoat zonasidagi binolarni ijara asosida yoki muddatli to‘lov asosida sotib bolishlari uchun imkoniyat yaratiladi.  

Qaror qabul qilinishi bilan chet ellik hamkorlar aniq loyihalarni taklif eta boshladi. Xususan, xitoylik investorlar 40 million dollarlik keramagranit ishlab chiqarish loyihasini, farmatsevtika sohasida 16 million dollarlik tashabbusni, meva-sabzavotni qayta ishlaydigan 14 million dollarlik korxonani ishga tushirishni taklif etmoqda. Bu kabi tashabbuslarni juda ko‘p misol keltirish mumkin.  

Mazkur sanoat zonasining Farg‘ona shahriga yaqinligi, qo‘shni davlatlar bilan bog‘lanishdagi qulayliklar, kommunikatsiya tarmoqlarining to‘liq shakllantirilganligi bu yerdagi loyihalarning istiqbolini kafolatlaydi.  

Ikrom AVVALBOEV,  

O‘zA