French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatida qanday muammolar bor?
20:36 / 2021-06-24

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamkorligida eshituv o‘tkazildi.

Unda deputatlar “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining joylarda ijro etilishi holati yuzasidan bir qator vazirlik va idoralarning hisobotini eshitdi.

Eshituvda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, ularda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikamizda sanoat, farmatsevtika, agrar va turizm sohalariga ixtisoslashgan 23 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. Ularda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 461 ta loyiha foydalanishga topshirilishi natijasida 36,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Hozirda 2,8 milliard dollarlik 459 ta loyiha amalga oshirilishi hisobiga 38,7 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 2,3 milliard dollarlik 229 ta istiqbolli loyiha bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.

Joriy yil boshidan hozirgi kunga qadar erkin iqtisodiy zonalarda qiymati 208,6 million dollarlik 21 ta loyiha ishga tushirilib, 120,9 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Eksport ko‘rsatkichi yil yakunigacha 370,4 million dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar erkin iqtisodiy zonalar (EIZ)ning samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolar va kamchiliklar mavjudligini aytib, bu kabi omillar investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganini bildirdi. Deputatlarning aytishicha, iqtisodiy zonada qo‘shimcha elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yo‘llarini barpo etish, eng muhimi, EIZlardagi loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish yurtimizda sanoatni yanada rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim omil bo‘ladi.

– Mamlakatimizda zamonaviy yuqori texnologiyalarni joriy etish hisobiga eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, mavjud xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulotlar turi va ulushini ko‘paytirish jarayoni yanada jadal tus olmoqda, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov. – Ayni vaqtda EIZlarda meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari va boshqa yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilayotgani quvonarli, albatta. Chunki erkin iqtisodiy zonalar hududlarda ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan samarali foydalanish, pirovardida, yangi ish o‘rinlarini ochish, aholining barqaror daromadi hamda turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda xalq vakillari farmatsevtika yo‘nalishidagi loyihalar oqsayotganiga e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, bu yo‘nalishdagi 7 ta iqtisodiy zonalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha 29 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 14 tasi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, qolgan 15 tasida muammo borligi qayd etildi.

Deputatlar buning sabablari bilan qiziqdi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, farmatsevtik erkin iqtisodiy hududlar faoliyatini tashkil etish, sanoat plantatsiyalarini yaratish va dorivor o‘simliklarni yetishtirish kabi maqsadli dasturlarni amalga oshirish asosida dori vositalari va biologik faol moddalarning ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan. Ushbu dasturiy vazifalardan kelib chiqib, deputatlar bu masala yuzasidan joylarga chiqqan holda o‘rganishlar olib borishi, muammo yechimi kimga bog‘liqligini aniqlashi va masalaga ijobiy yechim topishi zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda EIZ ishtirokchilariga soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha belgilangan imtiyozlarning ijrosini ta’minlash, samarali investitsiya siyosatini amalga oshirish, erkin iqtisodiy zonalarni istiqbolda rivojlantirish konsepsiyalarini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA