Shu kunlarda Oqtov yonbag‘ir adirlarida o‘zgacha shukuh hukmron!
Jonajon vatanimizga Navro‘z kirib kelmoqda! Bu bayramni biz Yangi kun, hayotimizning yangi sahifasi sifatida munosib e’zozlaymiz!

Samarqand viloyatining Ishtixon tumani ahli kuni kecha erta tongdanoq Oqtov tizmasi yonbag‘rida joylashgan Bo‘ston mahallasining kengliklari sari otlandilar. Bu kengliklar bag‘rikeng insonlari bilan yanada fayziyoblik kasb etdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmas!
Ushbu umumxalq bayrami butun mamlakatimiz bo‘ylab “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida xalq sayli tarzida yuqori saviyada nishonlanmoqda. Bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyi hamda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da nishonlanayotgani azaliy qadriyatlarimizni yana ko‘nglimiz ko‘zgusiga soldi, ularga qayta jon baxsh etdi go‘yo.

Bu qutlug‘ ayyom “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oyaga hamohanglik kasb etib, mehru-oqibatli xalqimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutib kelmoqda.

Ishtixonliklarni ko‘rkam bir manzilga jamlagan ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan tashkil etilgan katta bayram dasturi shubha yo‘qki, har bir ko‘ngilda bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun shukronalik kayfiyatini uyg‘otdi. Shuningdek, Navro‘z bayramini nishonlash bilan bog‘liq turli udum va an’analar, xalq o‘yinlari – arqon tortish, milliy kurash hamda uloq-ko‘pkari singari tomoshalar, bahoriy taomlar hamda rang-barang ko‘rgazmalar tashkil etilganligi bayramona kayfiyatni yanada yuksaltirgani tayin.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizdagi tinch va osoyishta kunlar bardavom ekan odamlar qalbidagi mehr-u oqibat hamda birdamlik kayfiyati, shukronalik tuyg‘usi barchamizni eng ezgu maqsadlar sari otlantiraveradi!

Men ham tuman rahbariyatining taklifini eshitiboq bolaligim o‘tgan Ishtixon tomonga yuksak iftixor ila qanot bog‘ladim. Shu elning shoir farzandi sifatida to‘lib-toshib she’rlar o‘qidim, barchani bayram bilan qutladim.

Qadamlari xush bahorning ko‘rkam tashrifi barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin! Qadriyatlarimiz o‘z nomiga mos tarzda yanada qadr topib boraversin, Yangi kunning qutlug‘ kelgani chin bo‘lsin!
Sen ketma, bahor!
Kunlarimiz yog‘dulanar qorday bugun,
O‘riklarning boshida qor borday bugun,
Qo‘limdagi qalam chertsam torday bugun,
Zamin – nazm, sen navosan dilga yoqar,
Sog‘intirib kelding endi ketma, bahor!
Barmoqlaring shoxlarga gul qadab bo‘ldi,
Hayratlarim hayotimga madad bo‘ldi,
Har bahorda sevish – urf-u odat bo‘ldi,
Tomirdagi qonim yashil rangda oqar,
Sog‘intirib kelding endi ketma, bahor!
Sen yurtimning osmoniga kamalak bo‘l,
Singillarim sochlariga jamalak bo‘l,
Uchib-qo‘ngan shoyiqanot kapalak bo‘l,
Afsus, u ham bir kungina qanot qoqar,
Sog‘intirib kelding, endi ketma, bahor!
Boshimizdan soch, sochaver naysonlaring,
Tovonimiz qitiqlasin maysalaring,
Shu eldadir seni kutgan insonlaring,
Navro‘zim, deb qosh-u qabog‘ingdan o‘par,
Sog‘intirib kelding, endi ketma, bahor!
Izhor etsak, sog‘inchimiz jonlar qadar,
Maysalaring chopib chiqmish tomlar qadar,
Yoyil, erkam, kez O‘zbekistonlar qadar,
Bu o‘lkada poyoningga yetma, bahor,
Sog‘intirib kelding, endi ketma, bahor!
Orif TO‘XTASH,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi.
O‘zA