Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkaklar 25 yillik ish staji bilan 58-59 yoshda pensiyaga chiqsa bo‘ladimi?
14:58 / 2021-04-05

Amaldagi pensiya qonunchiligiga asosan yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lganda, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda ega bo‘ladi.

Erkaklar 60 yoshga va ayollar 55 yoshga to‘lmasidan yoshga doir pensiyaga chiqishi mumkinmi? Pensiya jamg‘armasining daromad va xarajatlarni prognozlashtirish bo‘limi boshlig‘i Abror Xolmatov ushbu savol yuzasidan O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi.

- Texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz, deb e’tirof etilgan shaxslar uchun erkaklar 58 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar esa 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi, – deydi A.Xolmatov. – Ammo shuni alohida qayd etish lozimki, pensiya bilan nafaqaning farqi bor, albatta. Pensiyalar — yoshga doir pensiya, nogironlik pensiyasi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga bo‘lingan. Shuni adashtirmaslik kerak.

Nafaqa bu pensiya emas. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda nafaqa va pensiya tushunchalarini chalkashtirib yuboradi. Aslida bu ikki xil narsa. Nafaqa ish staji yo‘q odamga beriladi. Bu davlat tomonidan kafolatlangan mablag‘. Pensiyada esa ushbu fuqaro faqat pensiya jamg‘armasiga o‘z hissasini qo‘shgandan keyingina unga pensiya tayinlanadi.

Bu nima degani? Chet elda ishlayotgan fuqaro ixtiyoriy tarzda jamg‘armaga o‘z hissasini qo‘shsa, qonunchilikda belgilangan miqdorda ijtimoiy soliqlarni o‘tkazgan taqdirda ushbu fuqaroning ish staji hisoblanadi. Va to‘langan mablag‘laridan kelib chiqib, pensiya miqdori belgilanadi.

Misol uchun, bir fuqaro chet elda, deylik Rossiyada ishlab keldi. U (erkak) 25 yillik ish stajiga ega. Ijtimoiy sug‘urtalangan ish staji bor. Va bundan tashqari chet elda ishlagan 5 yillik ish staji bor.

Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan ixtiyoriy ijtimoiy to‘lov summasining yuqori pog‘onasi belgilanmagan, ammo minimumi belgilangan.  

Fuqaroning o‘zi uchun pensiya ko‘proq kerakmi? Marhamat, 111 ming so‘m emas, 1 million so‘m to‘lang. Albatta, 1 million so‘m to‘lagan (chet elda ishlab kelgan) fuqaroning pensiyasi bilan 111 ming so‘m to‘lagan fuqaroning pensiyasi ikki xil bo‘ladi.

Demak, o‘sha fuqaro ish stajini bajarsa, pensiya jamg‘armasiga qancha ko‘p pul o‘tkazsa, bu fuqaroning pensiyasi ham ko‘proq bo‘ladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA