O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Erkak” nomli badiiy filmning katta premerasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda kino ijodkorlari, soha mutasaddilari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xalqimizda erkaklar – oila qo‘rg‘onining posboni, matonat, mardlik, saxovat, bag‘rikenglik ramzi sifatida ham g‘oyat qadrlanadi.

«Erkak» filmi insoniylik, mehr, sadoqat va burch kabi yuksak qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan chuqur ma’naviy asar ekani bilan diqqatga sazovor.
Badiiy filmda og‘ir xastalik girdobiga tushgan turmush o‘rtog‘ini hayotining so‘nggi damigacha tark etmay, unga suyanch bo‘lib yashagan insonning matonati va fidoyiligi ta’sirli tarzda yoritiladi. Bunday ta’sirchan va hayotiy voqelik tomoshabinlarni befarq qoldirmaydi.
Film tomoshabinlarni muhabbatning chinakam ma’nosi, sabr va vafoning haqiqiy bahosi haqida chuqur mushohadaga chorlaydi.

Mazkur badiiy film O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2024 yil 13 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan tegishli topshiriqning ijrosi doirasida suratga olingan.
Aytish kerakki, “Erkak” filmi – bu nafaqat film, balki insoniy jasorat va cheksiz muhabbatning o‘ziga xos talqinidir.
N.Usmonova,
O‘zA