English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erk va ozodlik kuychisiga ehtirom
15:08 / 2024-06-06

Poytaxtimizda buyuk rus shoiri Alekskandr Sergeyevich Pushkin tavalludining 225 yilligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Pushkinni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida jumladan, O‘zbekistonda ham katta hurmat bilan tilga oladilar. Darhaqiqat, u qoldirgan katta adabiy meros, uning she’rlari adabiyot muxlislarining yodida, qalbida.   

Adabiy tadbir ishtirokchilari Pushkin nainki rus shoiri, balki  jahon xalqlari shoiri ekanini alohida e’tirof etdi. U o‘z ijodida ozodlik, sevgi, muhabbat, insonparvarlik, ezgulik kabi umuminsoniy g‘oyalarni yuksak badiiy mahorat bilan tarannum etdi. Shu bilan birgalikda o‘z xalqining til boyliklarini, madaniyatini, milliy qadriyatlarini she’riyat tilida baland pafos bilan kuyladi. Shuning uchun ham uning she’riyati boqiy she’riyat ekani tadbirda alohida e’tirof etildi.   

– Mamlakatimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashayotgani, ularning milliy bayram hamda marosimlari nishonlanayotgani davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvar siyosat ifodasidir,  – dedi  Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov. – O‘zbek va rus xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda adabiyot va san’atning alohida o‘rni bor. Rossiyaliklar o‘zbek allomalari, shoirlarini yaxshi biladi, O‘zbekistonda rus tili hamda adabiyoti o‘rganiladi. Moskva shahrida Alisher Navoiyga, Toshkentda Aleksandr Pushkinga haykal o‘rnatilgan.  

 – Pushkin she’riyatida sharqona mavzuga alohida e’tibor qaratilgan, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Bu borada zamonaviy shoir va yozuvchilar Pushkin ijodiga xuddi yuz yillar oldin qanday hurmat bilan qaragan bo‘lsa, hozirda ham uning ijodi shunday ehtirom bilan munosabatda bo‘lmoqda. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning yaqinda O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat rahbarlarining uchrashuvlarida ham adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik ekaniga oid masalalar ko‘tarilgan edi.   

[gallery-17739]

O‘zbekiston rus madaniyat markazi raisi Sergey Mironov yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, bunday tadbirlar bugun nainki Toshkentda, balki mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tayotganini ta’kidladi. Joylarda shoir tavalludining 225 yilligiga bag‘ishlangan seminar, anjuman va uchrashuvlar, madaniy tadbirlar, Pushkinxonlik o‘qishlari va boshqalar o‘tkazilmoqda. Pushkin asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan va shuning uchun bu yerda turli millat vakillari to‘plangani buning misolidir.   

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi A.Naniyeva respublikada istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. U Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri S.Lavrovning rus adabiyotining buyuk dahosi tavalludining 225 yilligini nishonlash munosabati bilan yo‘llagan tabrik maktubini o‘qib eshittirdi.   

Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, tarjimonlar tomonidan Pushkin she’rlaridan namunalar o‘qildi. So‘zga chiqqanlar yoshlarni umumbashariy ruhda tarbiyalash, jamiyatda ahillik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda adabiyot muhim o‘rin tutishini alohida e’tirof etdi.   

Adabiy tadbirda Pushkin haykali poyiga gullar qo‘yildi.   

Nazokat Usmonova,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA