Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erk va istiqlol bulbuli
13:33 / 2021-06-12

Respublika gazetalari sahifalarida

Bizning  tengdoshlardan aksariyatining yoshligini «Laylo» qo‘shig‘isiz tasavvur etish qiyin,  desam, xato bo‘lmas. She’r matni ham, ijrosi ham dillarga boshqacha ta’sir o‘tkazgan ushbu qo‘shiqni, xususan, talabalik chog‘larida men miriqib tinglaganman.  

Vaqt o‘tib, fursat yetib, Toshkentday shahri azimda Rauf Parfi bilan devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib yashash va u orqali Dadaxon Hasan bilan og‘a-ini bo‘lish esa xayolga ham kelmagan. Saksoninchi yillar avvalidan mustaqillikka erishilguncha mening hayotimda unutilmas bir davr bo‘lgan.

Shoir va adiblar qatori mening ham xayolimni asosan erk va mustaqillik shavqi, mustamlakachilik va qullikdan qutulish orzusi egallagan. O‘shanda Dadaxon Hasan yonib-kuyib ijro qilgan qo‘shiq va ashulalarning tinglovchilari bo‘lganman. Magnitofon tasmasiga ko‘chirilgan hofizning nola-yu faryod, hasrat-u chorlovlarini ba’zan tonggacha tinglab fikr almashganmiz.

Bir paytlar millatparvar shoir Abdulla Oripov «Yillar armoni» kitobiga yozgan dastxatida: «Azizim Dadaxon! Siz o‘zbek xalqining faxrli san’atkorisiz. Men siz bilan zamondosh ekanligimdan g‘ururlanaman», degan ekan. Men bu fikrni yolg‘on yoki shunchaki aytilgan, deb bilmayman. Zero, shunga yaqin gaplar taniqli boshqa qalam sohiblari tomonidan ham aytilgan va hofizning g‘azalxon bulbulligiga hech birov shubhalanmagan.  

«Faranglar Jo Dasini, ruslar Vladimir Visotskiysi, afg‘onlar Ahmad Zohiri bilan faxrlanishganday, – deydi marhum olim professor Botir Norboyev, – biz, o‘zbeklar ham shoir va hofiz, vatanni chin dildan sevguvchi inson – Dadaxon Hasan bilan faxrlanamiz».  

U mustabid tuzum hali parchalanmagan, yov maydonni hali tark etmagan bir paytda erk va istiqlol yo‘lida hamma bir tanu bir jon bo‘lib kurashishi kerakligini jur’at va jasorat bilan qo‘shiq tilida omma shuuriga singdira oldi. Uning samimiyati, to‘g‘riligi va fidoyiligi ham mana shunda. Dadaxon Hasan uchun milliy maslak va vatanparvarlik axloqi – qo‘shiqning tamali, ohangning teranligi, hofizning qiyofasi edi. U xonandalik faoliyatining ushbu jihati bilan boshqalardan keskin farqlanib turadi. Uning ruhoniyatida zo‘rma-zo‘raki mayllari yo‘q. Uning hayqiriqlar ila uyg‘unlashib ketgan nola va fig‘onlarida atayinlik yoki zaiflik ko‘zga tashlanmaydi. Uning xotirasida tarixiy bir bedorlik, zulm va zo‘ravonlikka qarshi tabiiy isyonkorlik bor. Shuning uchun u Amir Temur, Bobur, Mashrab, Turdi Farog‘iy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon nomidan so‘zlash va Turkistonning bu buyuk farzandlari faryod-u fig‘onlarini jonlantirib elga yetkazishda ehtiyoj sezgandir.  

Odatda ishq va vijdon shu’lasi porlab turgan qo‘shiqlardan ruh tasalli topadi. Ichki qiynoqlar bir qadar yengillashadi. Armon va yorug‘ g‘amga boy qalbning nidolari go‘yo ko‘zdan zabunlik, chorasizlik pardalarini yulqib tashlaydi. Shunda siz kalimalar ortidagi haqiqatlarga ochiq bir nigoh ila nazar tashlaysiz. Shunda musiqa to‘lqinlari bag‘rida oqayotgan so‘zlar ko‘ngilga qancha xush kelsa, mohiyat tug‘yonlaridan o‘shancha shavq va surur oqib keladi.

Shu ma’noda Dadaxon Hasanning hofizlik tajribalarini o‘rnak va namuna qilib ko‘rsatish mumkindir. U hofizlarning shoiri, shoirlarning  hofizi. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Badiiy ijoddagi hayotiy fikr, hayotiy haqiqatlar bilan yasama yoki kitobiy gaplar o‘rtasida doimo aniq farq va qandaydir yiroqlik bo‘ladi. Biroq buni hamma ham osonlik bilan ilg‘ay olmasligi mumkin. Lekin voqelikka ro‘y-rost qarashga qodir va haqiqat hissiyotlariga sodiq qolishga intilguvchi kishi kitobiy o‘yinlarni tez payqaydi. Dadaxon Hasan uchun esa she’r va qo‘shiqning mazmuni – hayotiy taassurot, shafqatsiz voqelik azoblaridan tug‘ilgan mushohada, bahs va murosasiz fikr-qarashlardir. U yozishni yonish deb tushunadi. Aytishni – anglatish, uyg‘otish deb biladi. Tasvir va mahoratni – milliy she’riyatimiz an’analariga tayanishda, deb hisoblaydi.  

Dadaxon Hasan 1990 yil «Yosh leninchi» (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasining so‘roviga binoan, O‘zbekistonning eng mashhur kishisi, deb tan olindi. Albatta, bunga u tinimsiz mehnat va izlanishlar bilan erishgandi.

Tiriklikdagi shon-shuhrat va mashhurlik juda nisbiydir. Ko‘p payt va holatlarda o‘z davri hamda zamonida dong taratgan zotlarning kelajak avlod qarshisida bir chaqalik ham obro‘-e’tibori qolmaydi. Bu – ayanchli holat. O‘ylaymanki, Dadaxon hofizning xuddi bugungidek, kelajak oldida ham yuzi yorug‘, yo‘li ochiqdir. Uning eng ishonchli do‘sti, tolmas safdoshi, benazir muhibi buyuk shoirimiz Rauf Parfi «Ovozning uzoq umri» nomli maqolasida mana nima deb yozgandi:  

«Jahon madaniyati, musiqa san’ati tarixida juda ko‘p ulug‘ o‘zanlar, baxshilar, shoirlar o‘tgan. Lekin butun umr – muttasil bir xalqning achchiq taqdirini, quvonchu alamini Dadaxon Hasanchalik kuylagan shoir – hofiz yo‘qdir dunyoda, menimcha...».  

Mana shuning uchun ham Rauf Parfi hofiz jo‘rasiga bag‘ishlangan she’rida: «men yolg‘izman, ovozim yolg‘iz» degan so‘zlarni yozgandi. U bitib qoldirgan quyidagi gaplar ham ayni haqiqatdir: «Dadaxon – qo‘shiqchi va shoir. Uning hofizasida mingdan ortiq qo‘shiq aylanadi, bular eng qadimiy o‘zbek xalq qo‘shiqlaridan tortib, bugungi shoirlarning she’rlariga hamda o‘z she’rlariga o‘zi bastalagan, ijtimoiy-siyosiy va vatanparvarlik ruhidagi jangovar qo‘shiqlardir. Men Dadaxonni ikki jabhada jang qilayotgan bahodir askarga o‘xshatgim keladi: u bugun ikkinchi nafas bilan ham she’r, ham qo‘shiq kuylayapti...»  

Darvoqe, Dadaxon Hasan «Shaydo ko‘nglim», «Shohimardon soylari», «Chamanimdan ayirma», «Bahor kelar bog‘larga» degan nomlar bilan bir necha she’r to‘plamlarini nashr ettirgan. Ulardagi lirik va ijtimoiy vatanparvarlik ruhidagi she’rlar domla Mirtemir, Turob To‘la, Shukrullo kabi oqsoqol shoirlar nazariga tushgan. Ular to‘g‘risida akademik Baxtiyor Nazarov, To‘ra Mirzayev, shuningdek, To‘ra Sulaymon, Safar Barnoyev, Gulchehra Nurullayeva, Muhammad Yusuf va boshqa olimu ijodkorlar samimiy fikr-mulohazalarini bayon etishgan.  

Hayot va muhit insonni nimalarga majbur etmaydi, deysiz. O‘zining haqligi va xolisligiga inongan har bir kishi bariga sabr-­toqat ila chidaydi. Dadaxon Hasan ochiq so‘zlash, erkin kuylash huquqidan mahrum etilganda ham o‘zini doru devorga urmadi. Jonajon vatanimizdagi olamshumul o‘zgarish va yangilanishlarni ona yurtidan uzoqdan turib quvonch ila qarshi oldi.  

bugungi osuda va fayziyob kunlar, ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlardan uning ham ko‘ngli shod. Harqalay, ona Vatanning shunday yuksak taraqqiyot sari dadil odimlayotganini ko‘rgan har kishining ko‘nglida shukronalik tuyg‘usi keng qulochini ochadi.  

Ibrohim Haqqul,  

filologiya fanlari doktori,  

professor

(“Nuroniy” gazetasining 2021 yil 9 iyun sonidan olindi).