Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi
Andijon mashinasozlik institutida “Erk kuychisi el qalbida mangu barhayot” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan yozuvchilar, jurnalistlar, institut o‘qituvchi, tyutor va talabalari ishtirok etgan tadbirda adib hayoti, faoliyati, ijodi haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova, institutning yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muhtarama Xoliqova va boshqalar Usmon Nosirning qisqa, lekin mazmunli hayot yo‘li, o‘ziga xos poeziyasi, she’rlaridagi jozibadorlik, isyonkorlik, qolaversa, she’riy satrlarining sodda va ravonligi bilan minglab adabiyot ixlosmandlari qalbidan mustahkam joy olganligini qayd etdi.

Usmon Nosir erk, ozodlik kuychisi sifatida XX asr o‘zbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri edi. Ayniqsa, u mohir tarjimon sifatida A.Pushkinning “Boqchasaroy fontani”, M.Lermontovning “Iblis” dostonlarini va boshqa qator rus ijodkorlarining she’rlarini o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilgan.
Tadbirda Usmon Nosir ijodini o‘rganish, keng targ‘ib etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Talabalar tomonidan shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA