Soliq to‘lash – Konstitutsiyaviy burch

Mamlakatimizda davlat soliq siyosati va byudjetini shakllantirish, bu orqali moliyaviy imkoniyatlar yaratish, iqtisodiy ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, aholi faoliyati va farovonligi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Aslida soliqlarga – mol-mulk yoki daromaddan ajratiladigan chiqim emas, yurt taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan fidoyilarning hissa qo‘shishi sifatida qaralishi ayni muhimdir.
Bir o‘ylab ko‘raylik, qisqa davr ichida yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yo‘llarning ravon bo‘lib borayotgani, aholiga ajratilayotgan pensiya va boshqa muhtojlarga berilayotgan mablag‘larning aksariyati aynan soliq to‘lashni burch deb bilgan fuqarolarning to‘lovlari evaziga bo‘lmayaptimi?!
Aql bilan o‘ylab qaralsa, soliq to‘lovchilarning cho‘ntagidan chiqayotgan mablag‘lar, avvalo, o‘z yo‘llarini yoritish bilan birga, uzoq va yaqin qarindoshlariga ko‘maklashishga asos bo‘lmoqda. Ammo ko‘p hollarda buni tushunishdan ko‘ra, turli vajlar va yo‘llar bilan birdamlikka chorlovchi burchdan qochishga, chetlab o‘tishga urinishlar bo‘ladi.
Shu o‘rinda ma’lumotga tayanib aytadigan bo‘lsak, o‘tgan besh oyda mamlakatimizda sanoat 6,4 foizga o‘sib, eksport 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshdi. Shu bilan birga qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi, 2 million 400 ming odam daromadli bo‘ldi. Bu ko‘rsatkichlarga osonlik bilan erishilmagan albatta. Natijalarni teran anglagan shaxs faqatgina bir fikrni o‘zida uyg‘otsa, adolatdan bo‘ladi: erishilayotgan yutuqlarga yurt fuqarosi sifatida qanchalik hissa qo‘sha olayapmiz?!
Kuni kecha yutimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni va boshqa tashkilotlardagi natijalarni tahlil qilish jarayonida mahallada yer, mol-mulk, suv soliqlarini undirishning yangi mexanizmi ishlab chiqilishiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu sohada yil boshidan hududlarda byudjetga tushum 26 foizga o‘sgan. Lekin Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda o‘sish respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga ham chiqmagan. Yer, mol-mulk va suv soliqlari mahalliy byudjetda qoldirilmoqda. Shu soliqlarni uyma-uy yurib undirishga soliqchilarning 70-80 foiz vaqti sarflanmoqda.
Videoselektorda Prezidentimiz holatni tahlil qilar ekan, ”Bu bir so‘m soliq yig‘ish uchun ikki so‘m resurs sarflash bilan barobar emasmi? Aslida, Soliq qo‘mitasi rahbariyati, viloyat, tuman soliq rahbarlari televideniye, gazeta, ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, soliq to‘lash majburiyat emas, konstitutsiyaviy burch ekanini tushuntirsa, soliqlarni odamlarni o‘zi to‘lab qo‘yadiku! Agar mahalladagi soliqchi bunga ketgan vaqtini soliq bazasini kengaytirishga sarflasa, tushum karra-karra oshadi”, deya ta’kidladi.
Mana shu o‘rinda davlatimiz rahbarining xalqimizga o‘zgacha va yuqori ishonch bilan baho berishi e’tiborni tortadi. Darhaqiqat, soliq to‘lash majburiyat emas, bu – Konstitutsiyaviy burch. Aynan shuni anglatish orqaligina odamlarning o‘zi soliq to‘lashga rag‘bat ko‘rsatishiga ishonch bildirdi Prezident.
Onaga yaxshilik qilgan farzandning oqibati bexayr bo‘lishi mumkinmi yoki opa-singil, aka uka, boringki, mahallaga nafi tekkan inson xalq nazaridan bebahra qolishi mumkinmi? Shu ma’noda soliq to‘lovchi aslida mana shunday ezgu amal uchun birdam va bardam bo‘lib ona yurtga qo‘shayotgan hissasi beiz va bejiz ketmaydi. Bu esa yurtga kamarbastalikdan nishonadir.
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo – inson niyatga qarab imkoniyat topaveradi. Maqsadni ezgu qilib qaddini urib, daromad topayotganlar, el koriga yarayotganlar bisyor. Shu bilan birga, soliq to‘lovidan qochib baraka topaman, degan insonlar yo‘q, deysizmi oramizda? Do‘konidan mahsulot sotib olgan xaridorga terminal apparati ishlamasligini vaj qilib, mahsulot pulini kartaga o‘tkazib olishga urinayotganlarga ham ko‘zingiz tushganda yuqoridagi hikmatning davomi keladi xayolingizga – Illat izlaganga illatdir dunyo!
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi raisi.
O‘zA