Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erik Ashimov: O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan saylovchilarga ham sharoitlar yaratilgan
14:57 / 2021-10-22

Markaziy saylov komissiyasida Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Missiya Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni bo‘yicha kuzatuvni amalga oshiradi.  

 Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev joriy yil bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilayotganligini ta’kidladi.   

Xususan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish, saylov jarayoniga zamonaviy AKTni joriy etish, saylov qonunchiligini aholi orasida keng targ‘ib qilish, siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini, xotin-qizlarning saylovlardagi rolini kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.  

 Ta’kidlash joiz, missiya saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash, ularga ishlov berish va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma OAVda chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.  

 Majlisda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari to‘la shakllantirilgani qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qildi. “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun joriy yilning 15 yanvaridan kuchga kirdi.  

 – Biz saylov uchastkalaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojizlar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, pandemiya sharoitida kasallik tarqalishini oldini olish uchun qilinayotgan ishlarni ko‘rib juda quvondik, – deydi Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi rahbari Erik Ashimov. – Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash bu nafaqat saylovchilar balki, inson haqida g‘amxo‘rlik qilinayotganini ko‘rsatadi. Imkoniyati cheklangan saylovchilarning, zaruratga qarab, yashash joyida ovoz berishi tashkil etilgan. Saylov kampaniyasiga oid teledasturlarda imo-ishora tili va subtitrlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilishini eshitib, O‘zbekistonda barcha fuqaro teng huquqli ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.  

 Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, missiya tarkibidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston kabi davlatlardan 26 nafar kuzatuvchi o‘rin olgan.  

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA