Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erdo‘g‘on Putin bilan Zelenskiyni qarama-qarshiliklarni muhokama qilish uchun Turkiyaga taklif qildi
16:10 / 2022-01-19

Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uning ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiyni muzokara olib borish uchun Turkiyaga taklif etdi. Bu haqda Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning vakili Ibrohim Qalin ma’lum qildi.

"Prezident Erdo‘g‘on ikkala yetakchini ham Turkiyaga kelib, o‘zaro qarama-qarshiliklar va muammolarni hal qilish uchun uchrashuv o‘tkazishga taklif etdi. Turkiya Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan har qanday ishni  qilishga tayyor ", – dedi u. 

Bundan tashqari, Qalinning aytishicha, Turkiya prezidenti yaqin haftalarda Ukrainaga tashrif buyurmoqchi.

"Shu bilan bir qatorda, biz og‘ir oqibatlarga olib keladigan harbiy harakatlarning oldini olish uchun Rossiya bilan ham doimiy aloqada bo‘lib turamiz", – qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘on vakili.

Ibrohim Qalinning ta’kidlashicha,  Moskva bilan Kiyev inqirozning batomom hal etilguniga qadar vaqtinchalik kelishuvga erishishi kerak. 

"O‘ylashimcha, qandaydir vaqtinchalik xalqaro kelishuvga erishilishi lozim va buni aql va sabr bilan amalga oshirish lozim", - deydi Turkiya yetakchisining vakili.

G‘arb siyosatchilari Rossiya Ukrainaga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqda bir necha bor bayonot bilan chiqdi. Moskva esa ushbu ayblovni rad etib, bunday ayblovlar Rossiya chegarasida NATOning harbiy texnikalari va qurolli kuchlarini joylashtirish uchun bahona sifatida foydalanilayotganini ta’kidlamoqda. Kremlning ma’lum qilishicha, Rossiyaning hech qanday bosqinchilik rejasi yo‘q va hech kimga tahdid ham qilmaydi.