Turkiya prezidenti Eron tomonining iltimosiga binoan Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida mintaqadagi vaziyat va yuzaga kelgan mojarolar muhokama qilindi, deb xabar qildi TRTkanali.
Turkiya prezidenti mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini ta’kidlab, Anqara bu borada barcha imkoniyatlardan foydalanishga tayyor ekanini bildirdi.
Uning aytishicha, Eronga qarshi har qanday tashqi aralashuv noqonuniy deb hisoblanadi. Shu bilan birga, Erdog‘an Tehronning mintaqadagi qardosh davlatlarga qarshi qaratilgan harakatlarini ham qoralab, bunday qadamlar hech kimga foyda keltirmasligini va ular to‘xtatilishi lozimligini aytdi.
Erdog‘an, shuningdek, Turkiya o‘zi ishtirok etmagan mojarolarning salbiy oqibatlariga duch kelayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat havo hududining buzilishi hech qanday holatda oqlanmaydi. Turkiya o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
Turkiya rahbari Minab shahridagi maktabga qilingan hujum natijasida, ayniqsa bolalar orasida qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan chuqur qayg‘u izhor etdi.
Suhbat davomida Erdog‘an Eronning marhum diniy rahbari Ali Humonaiy vafoti munosabati bilan yana bir bor hamdardlik bildirdi.
Shuningdek, Mojtaba Humonaiyning yangi oliy diniy rahbar sifatida saylanishi mintaqada tinchlikka erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Pezeshkiyon Turkiya havo hududiga kirgan raketalar Eron tomonidan uchirilmaganini ma’lum qildi. U bu masala yuzasidan keng qamrovli tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini aytdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jpBaU91gtCc" title="Erdogan va Pezeshkiyon nima haqida gaplashdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA