Turkiya parlamenti muddatidan oldin saylov o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilsa, amaldagi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an uchinchi muddat uchun ham nomzod ko‘rsatishi mumkin, dedi mamlakat adliya vaziri Yilmaz Tunj.
Erdog‘an avvalroq 31-mart kuni bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovni siyosiy faoliyatidagi so‘nggisi, deya bayonot bergan edi. Prezident saylovchilarni Istanbul, Anqara va Izmir merlari hukmron partiya vakillaridan saylanishiga imkon beradigan darajada ovoz berishga va shu yo‘l bilan 1-apreldan “yangi davr”ni boshlashga chaqirdi. Hukmron partiya vakillari ushbu bayonot davlat yetakchisining siyosatdan ketishini anglatmasligini aytgan.
2017-yil bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra, Turkiya prezident boshqaruvidagi respublikaga aylandi. Hozirgi konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbari ketma-ket faqat ikki muddat lavozimni egallashi mumkin. 2023-yil may oyida Erdog‘an ikkinchi besh yillik muddatga qayta saylandi. Muxolif partiyalar vakillari saylov oldi kampaniyasida uning, aslida, uchinchi muddatga saylanayotganini uqtirishga harakat qildi. Zero, Erdog‘an parlament boshqaruvi tizimi davrida, ya’ni 2014-2018-yillari ham prezident edi.