Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Pokiston bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif bilan telefon orqali muloqotda terrorizmga qarshi kurashda Anqara Islomobodni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Yetakchi so‘nggi vaqtlarda mamlakatda sodir etilgan teraktlarni keskin qoralab, xavfsizlikni ta’minlash borasida Turkiya hamkorlikni davom ettirishini bildirdi. Bu haqda axborot hamkorimiz - “APP” yozmoqda.
Erdog‘anning ta’kidlashicha, Turkiya tashabbusi bilan avval erishilgan Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qayta tiklashga Anqara o‘z hissasini qo‘shishga tayyor. Shuningdek, u Eronga qarshi hujumlardan keyin kuchaygan mintaqaviy keskinlikni yumshatish uchun diplomatik muloqotlarni qayta faollashtirish muhim ekanini aytdi.
Muhammad Shahboz Sharif esa Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildirib, Isroilning Eronga qilgan hujumini qoralagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlar ortidan qator Fors ko‘rfazi davlatlariga ham zarbalar berilishi mintaqadagi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Suhbat davomida yetakchilar mojaroni yanada kuchayib ketmasligi uchun barcha tomonlar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishi zarurligini urg‘ulagan. Shuningdek, ular mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida muntazam aloqada bo‘lib turishga kelishib olgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA