Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erdog‘an Netanyaxuni Miloshevich taqdiri kutayotganidan ogohlantirdi
17:31 / 2023-12-05

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘on Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Yugoslaviyaning sobiq Prezidenti Slobodan Miloshevich taqdiri kutayotganini ta’kidlab, Anqara “Isroilda yadro quroli borligi” haqidagi fakt unutilishga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.

– Biz Isroil yadro quroli borligini tan olishi bilan bog‘liq muammo unutilishiga yo‘l qo‘ymaymiz, – dedi Turkiya yetakchisi dushanba kuni Islom hamkorlik tashkiloti iqtisodiy va savdo hamkorligi bo‘yicha doimiy qo‘mitaga a’zo davlatlar vazirlarining 39-majlisida so‘zga chiqib. – Netanyaxu nafaqat harbiy jinoyatchi, balki xuddi Miloshevich kabi “G‘azo qassobi” sifatida ham sudlanadi.

Uning ta’kidlashicha, islom mamlakatlari hozirdanoq G‘azoni tiklashga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashi kerak.

– G‘azo falastinliklar yeri, falastinliklarga tegishli va har doim shunday bo‘ladi, – dedi u. – Bu hududni himoya qilish Makkani, Madinani va Istanbulni himoya qilish, degani. Agar biz kutib turadigan bo‘lsak, olov, og‘riq va yig‘i uyimizgacha yetib keladi.

Miloshevich 1990-2000 yillarda Yugoslaviya ittifoqi rahbari bo‘lgan. Uning boshqaruvi davrida mamlakatda Kosovo muxtor o‘lkasini federatsiya tarkibida saqlab qolish maqsadida fuqarolar urushi yuz bergan. Natijada NATO Yugoslaviya hududiga zarba berishiga to‘g‘ri kelgan.

2001 yil iyunda Belgrad sobiq prezidentini Gaaga tribunaliga topshirdi. Miloshevich ustidan sud jarayoni 2002 yil fevralda boshlandi. Qamoqda salkam besh yil o‘tirgan Miloshevich 2006 yil 11 martda miokard infarktidan vafot etdi.