Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an G‘alaba bayrami kuni munosabati bilan Anqaradagi Harbiy akademiyada chiqish qilarkan, jumladan, bugungi geosiyosiy sharoitda xalqaro birlashmalar obro‘-e’tibori oshib borayotganini ta’kidladi.
– Xalqaro siyosatda turli-tuman yangi vaziyatlar yuzaga kelmoqda, hamkorlikning har xil variantlarini izlash maqsadi ustuvorlik kasb etmoqda, – dedi davlat rahbari. – NATO, BRIKS, Turkiy davlatlar tashkiloti singari tuzilmalar xalqaro siyosatning ko‘p tomonlama hamkorlik maydonida tobora kuchaymoqda. Avvaliga pandemiya, keyin Ukrainadagi ziddiyat tufayli chuqurlashayotgan keskinlik jahon iqtisodiyoti va siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar 60-70 yil avvalgi inflyatsiya bilan bog‘liq sur’atga yetib oldi. Xavfsizlik tahdidi zo‘rayib borayotgan bir paytda, mudofaaga ehtiyoj ham oshib, harbiy xarajat o‘smoqda.
Erdog‘an qo‘shimcha qilishicha, “bir necha yil oldin betaraflikni qadriyat bilgan qator mamlakatlar bugun mudofaa paktiga qo‘shilishga majbur bo‘lmoqda”.
O‘zA