FOTOREPORTAJ
Toshkent viloyatidagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida Erasmus+ ta’lim dasturining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Erasmus+ CBHE loyihalarining qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit sohasidagi oliy ta’limga ta’siri” bo‘yicha klaster uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Erasmus+ dasturi Yevropa milliy universitetlari, MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari universitetlari va boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ta’lim, o‘qitish, sport va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi loyihalar, hamkorlik, tadbirlar va mobillikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu dasturning keng ko‘lamdagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishni maqsad qilgan.
[gallery-10107]
Klaster uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, “Oliy ta’limda salohiyatni oshirish” (CBHE) mahalliy loyiha koordinatorlari va guruh a’zolari, mahalliy qo‘shma loyihalar tashabbuskorlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va ekologiya sohalarida oliy ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tajriba almashish hamda o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni joriy etish va samaradorligini oshirishga e’tibor qaratgan holda yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Erasmus+ dasturining oliy ta’limda salohiyatni oshirish (CBHE) loyihalarining so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sektorini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishdagi roli, amaldagi va tugallangan loyihalarning natijalari va yutuqlarini manfaatdor tomonlar bilan ulashish masalalari muhokama etildi.
Kamola Yusupova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA