Oilalarda yuzaga kelayotgan tushunmovchilik oqibatida sodir bo‘layotgan nikohdan ajralishlar jamiyatimizda jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masaladir.
Arzimagan vajlar sabab oilaning barbod bo‘lishi bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bir necha yil birga turmush kechirib, 2 nafar farzandni voyaga yetkazayotgan bir xonadonda ham nima bo‘ldi-yu, tinchlik yo‘qoldi. Er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab, oilaga buzildi. Ona uydan ketdi, ammo turmush o‘rtog‘ining qarshiligi sabab farzandlarini olib keta olmadi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, er-xotin bir-birini sudga berdi. Ona farzandlarini o‘z tarbiyasiga olish uchun, ota farzandlariga onasidan aliment undirish uchun...
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining mazkur ikkita ish yuzasidan chiqarilgan ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosining Qamashi tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushdi.
Ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, taraflar ogohlantirildi. Ijro hujjatlari ijrosi ixtiyoriy bajarilmagach, har ikki taraf bo‘limga chaqirtirildi.
Davlat ijrochisining huquqiy va oilaning muqaddasligi to‘g‘risidagi tushuntirishlari natijasida er-xotin o‘zaro kelishib, bolalar onasi tarbiyasiga olib berildi.
Ota esa aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro qilmasdan qaytarishni so‘rab ariza yozdi. Xullas, ikkita ijro hujjati bir vaqtda tamomlandi.
O‘zA