Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Epizootik vaziyat barqaror: bu bo‘yicha tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda
18:33 / 2023-06-13

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida Qozog‘istonning Jambul viloyatida odamlar orasida kuydirgi kasalligining laboratoriya tomonidan tasdiqlangan to‘rtta holati bo‘yicha xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabarlar rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlandi.

Albatta, bu holat mamlakatimizning epizootik osoyishtaligi uchun xatarli hisoblanadi. Negaki, yuqumli kasalliklarning aksariyati hayvondan odamga yuqadi va bu holat odamlar sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Shu bois, mamlakatimizdagi epizootik vaziyat xususida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborovga murojaat qildik.

– Qozog‘istonda qayd etilgan kuydirgi kasalligi mamlakatimizning chegara hududlariga yetib kelishi qanchalik asosli? 

– Bundan hech qanday xavotirlanishga asos yo‘q. Negaki, mamlakatimizning chegara hududlarida qo‘mita mutaxassislari tomonidan bufer zonalar tashkil etilib, epizootik barqarorlikni ta’minlash ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.

O‘ta xavfli kasalliklarning kelib chiqishi va chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish uchun jami 1 ming 200 ta maxsus emlash guruhlari tashkil etilib, unga 5 mingga yaqin soha mutaxassislari, rahbar va xodimlar biriktirildi hamda guruh ishini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha respublika, viloyat va tuman shtablari tashkil etildi.

Profilaktik tadbirlarni o‘tkazilishida hayvon egalariga qulaylik yaratish maqsadida emlash ishlarini “mahallabay” va “xonadonbay” usuli asosida ommaviy ravishda amalga oshirish tizimi yaratildi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida emlash guruhlari tomonidan 25 million 500 ming boshdan ko‘proq chorva mollari kuydirgi, oqsil, nodulyar dermatit, qorason, bradzot, chechak, brutsellyoz va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlanib, diagnostik tekshirildi hamda ektoparazitlarga qarshi cho‘miltirildi va chorva mollari saqlanadigan 845 mingta molxonalarda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari o‘tkazildi.

Profilaktik tadbirlar sifati va samarasini yanada oshirish maqsadida hududlarda ko‘chma “veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish markaz”lari tashkil etilib, ular tomonidan profilaktik emlash va davolash tadbirlarini olib borish uchun 200 dan ortiq maxsus avtomashinalar, 3 mingta velosiped va skuter mototsikl, 1 ming 500 ta yarim avtomatli shprits va boshqa maxsus jihozlar bilan ta’minlandi.

– Bunday tadbirlarni tashkil etishda aholining xabardorligi ham katta ahamiyat kasb etadi. Shundaymi?

– Albatta, har qanday epizootik tadbirda aholining ishtiroki va jonbozligi juda muhim.

Shu yilning o‘tgan davri mobaynida hayvonlarning xavfli yuqumli kasalliklarining oldini olish va ularga qarshi kurashishda aholi va hayvon egalari xabardorligini oshirish maqsadida tibbiyot, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar xizmatlari bilan hamkorlikda 745 ta seminar o‘tkazildi, shuningdek, targ‘ibot va tashviqot ishlari uchun 12 ming dona rangli plakatlar, 300 mingta varaqalar joylarga yetkazib berildi hamda ommaviy axborot vositalari orqali 150 marta chiqishlar qilindi va matbuotda 85 ta maqolalar chop etildi.

Hayvonlar kasalliklari bo‘yicha amalga oshirilayotgan epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni kuzatuv monitoring ishlari uchun “VIS-REGISTON” elektron platformasi yaratilib, sinov tariqasida ishga tushirildi.

Aholi iste’moli uchun yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mavjud veterinariya sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari tomonidan 7 milliondan ortiq laboratoriya tahlillari o‘tkazildi. Jumladan, dehqon bozorlariga va yirik savdo ob’ektlariga sotish uchun keltirilgan 28,7 ming tonna go‘sht, 162 million dona tuxum hamda 7,8 ming tonna sut va sut mahsulotlari veterinariya-sanitariya ekspertizasi va laboratoriya tahlillardan o‘tkazilib, 13,4 tonna go‘sht va sut mahsulotlari, 97 ming dona tuxum va 13 tonna sut va sut mahsulotlari iste’molga yaroqsiz, deb topildi. Ular belgilangan tartibda zararsizlantirildi va erkin savdoga chiqarilishining oldi olindi.

Markaziy bozorlarda radiouzellar orqali xaridorlarga sotilayotgan va sotib olinayotgan mahsulotlarni sifat va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari hamda yaroqlilik muddatiga alohida e’tibor qaratishlari, veterinariya-sanitariya ekspertizasi ko‘rigidan o‘tkazilmagan mahsulotlarni sotuvga chiqarmaslik va sotib olmaslik mavzusida doimiy eshittirishlar o‘tkazilib kelinmoqda.

– Sohada keyingi paytlarda jiddiy o‘zgarishlar ketmoqda, shu haqda to‘xtalsangiz.

– To‘g‘ri ta’kidladingiz!

Misol uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan chekka hududlardagi veterinariya mutaxassislari 6 dona ko‘chma mobil laboratoriya, 42 dona maxsus sovutgichli, dezinfeksiyalovchi va zararsizlantiruvchi avtotransport hamda 1 million dona vakumli probirka, 20 dona konteyner va 800 ta maishiy sovutgich bilan ta’minlandi.

Rejaga muvofiq, 2023 yilda veterinariya faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jami 647 nafar rahbar va mutaxassisning malakasini oshirish belgilangan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 314 nafari malakasini oshirib, tegishli malaka toifalariga ega bo‘ldi.

Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 1 donadan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan veterinariya klinikalari ishga tushirildi. Namangan viloyatida xuddi shunday veterinariya klinikasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Qashqadaryo, Farg‘ona, Buxoro va Xorazm viloyati Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari milliy akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, akkreditatsiya doiralarini yanada kengaytirish maqsadida Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish ishlarini o‘rganish bo‘yicha markazning 5 nafar mutaxassisi Turkiya davlatida ISO/IEC17025:2019 xalqaro standart talablari bo‘yicha malakasini oshirib kelishdi.

So‘ngi ikki yil mobaynida Respublika tashxis markazini xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlash va laboratoriyalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida xorijiy grant mablag‘lari ko‘magida oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyasi, IFA va PSR laboratoriyasi, shuningdek, Markaz vivariyasi  zamonaviy laboratoriya uskunalari va jihozlar bilan ta’minlandi.

Tashxis markazlaridagi axborot xavfsizligini, quyi tizim markazlari bilan axborot almashinuvi tezkorligini ta’minlash va ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida Hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligiga oid laboratoriya tekshiruvlarining Yagona elektron ma’lumotlar bazasi (VIS-Sayyor) dasturi ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi.

O‘zA muxbiri 

Ikrom AVVALBOEV suhbatlashdi.