Samarqand va Jizzax viloyatlarida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Samarqand shahrida “Immunizatsiya masalalarini targ‘ib qilishda OAV vakillarining ishtiroki” mavzusida seminarda boshlandi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda YUNICYeF hamkorligida o‘tkazilayotgan seminarda bugungi kunda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, jamoat salomatligini muhofaza qilishda immunizatsiya masalalari nechog‘lik muhim ekanligini keng jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar soha mas’ullari ishtirokida muhokama qilinmoqda.
Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanepidqo‘mitaning hududiy boshqarma va bo‘limlari mas’ul xodimlari jarayonning tashkil etilishi, uning mohiyati, mavjud muammolar haqida OAV vakillariga ma’lumot bermoqda.
– Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamaot salomatligi qo‘mitasi tomonidan aholining epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova. – O‘tkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlar natijasida so‘nggi 5 yilda ayrim kasalliklar tugatildi, ko‘plab kasalliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatildi. 2022 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun 205 milliard so‘m ajratildi, bu mablag‘lar 2017 yilda ajratilgan mablag‘larga nisbatan 10 baravarga ko‘p va emlash qamrovi 98 foizga yetkazildi. Keyingi besh yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksinalar kiritildi. Natijada 2017 yilda qizamiq va qizilcha, 2018 yilda bezgak kasalligi tugatilganligi to‘g‘risida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sertifikatlari olindi, o‘lat, vabo, shol, difteriya, qoqshol kasalliklari umuman qayd etilmadi. 2022 yil yakuniga kelib 2018 yilga nisbatan brutsellyoz 30 foizga, virusli gepatitning “V” turi 96,4 foizga, virusli gepatitning “S” turi 89,9 foizga, OIV infeksiyasi 4,2 foizga kamaydi. So‘nggi bir yil davomida Yevropa va Jahon savdo tashkilotlari va xalqaro talablardan kelib chiqib, ta’lim, qurilish, oziq-ovqat va boshqa sohalar bo‘yicha 37 ta sanitariya qoida va me’yorlari yangi tahrirda qabul qilindi va xalqaro andozalarga moslashtirildi. Soha rivoji uchun va moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida 243,4 million dollarlik 5 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
[gallery-11008]
Seminarda dastlab Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi vaksinalar logistikasi va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sitsi Singizi seminarning maqsadi va vazifalari, kutilayotgan natijalar haqida so‘z yuritdi.
– bugungi kunda epidemik vaziyat barqarorligini ta’minlashning eng muhim sharti vaksinatsiya, – deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sitsi Singizi. – Shu bois, dunyo miqyosida epidemiologik kasalliklarga qarshi kurashda immunizatsiya masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. bugungi seminarga ushbu jarayonning samarali tashkil etilishida ishtiroki muhim bo‘lgan OAV vakillari, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanepidqo‘mitaning hududiy boshqarmalari axborot xizmatlari xodimlari taklif etilgan. Ularga dastlab immunizatsiya masalalarining mohiyati, vaksinatsiya jarayonlari haqida to‘liq tushuncha berilmoqda. O‘ylaymanki, mazkur hamkorlik O‘zbekistondagi vaksinatsiya jarayonini yanada jadal sur’atlarda tashkil etilishiga xizmat qiladi.
Seminarda mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda bepul majburiy amalga oshirilayotgan emlash bosqichlari, ularning amalga oshirish davomida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA