Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi (IFES) delegatsiyasi hamda tashkilot prezidenti va bosh direktori Entoni Banber O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlarni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov qabul qildi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, saylov tizimini rivojlantirish borasida o‘zaro manfaatli tajriba almashish yuzasidan fikr almashildi.
E.Banber Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini yuqori baholadi. Strategiyani amalga oshirishda mamlakatimiz parlamenti zimmasiga ham muhim vazifalar yuklanganini ta’kidladi.
U IFES faoliyatining asosiy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari ko‘p jihatdan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar maqsadlariga o‘xshash va uyg‘un ekanini qayd etdi. Yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi va muddatidan oldin O‘zbekiston Prezidenti saylovi o‘tkazilishi mamlakatimizda saylov jarayonlari va qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida ulkan yutuqlarga erishilayotganini yaqqol namoyon etganini ta’kidladi.
Tomonlar o‘zaro qiziqish uyg‘otgan boshqa masalalarni ham muhokama qildi.
N.Abduraimova, O‘zA