Eng zamonaviy moliya xizmatlari taqdim etilmoqda
Poytaxtimizdagi «O’zekspomarkaz» milliy ko’rgazmalar majmuasida “BankExpo-2019” – moliya-bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari milliy ko’rgazmasi davom etmoqda.
Poytaxtimizdagi «O’zekspomarkaz» milliy ko’rgazmalar majmuasida “BankExpo-2019” – moliya-bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari milliy ko’rgazmasi davom etmoqda.
Unda yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha moliya muassasalari ishtirok etib, faoliyatida joriy etilgan eng so’nggi yangiliklarni mijozlarga taqdim etmoqda.
Sabohat Xaitarieva, “Trastbank” axborot xizmati boshlig’i:
– O’z vaqtida yurtimizdagi yagona xususiy bank bo’lgan muassasamiz joriy yilda 25 yoshga to’ladi. Shu bois eng chekka qishloqlarda ham filiallar ochishga e'tibor qaratmoqdamiz. Shuningdek, ayni vaqtda yangilangan mobilь versiya “Trust Pay” ishga tushirildi. U orqali onlayn tarzda kommunal va soliq to’lovlarini amalga oshirishi, valyutani konversiya qilish mumkin. Faqat valyutani bankka kelib olish kerak bo’ladi. Bu tizim nafaqat “Trastbank”, balki boshqa bank plastik kartochkalari uchun ham ishlaydi. Hatto, ushbu xizmat orqali uch oylik omonatlar ochish mumkin. Bu yurtimizdagi banklararo aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. O’tayotgan ko’rgazma doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot bankining O’zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Kelgusida investitsiya borasida hamkorlik qilmoqchimiz.
Sanobar Umarova, “Аgrobank” matbuot xizmati xodimi:
– Stendimiz ikki kundan buyon juda gavjum bo’lmoqda. Biz bugun eng interaktiv va innovatsion xizmat turlarini taqdim qilmoqdamiz. Bu jarayonda ko’pchilik “Agrobankmobile” ilovasining yangicha turdagi zamonaviy ko’rinishi hamda “online kredit” bo’limidagi mikroqarz olish imkoniyati bilan qiziqmoqda. Bu ilova orqali mijozlarimizda bir million so’mgacha kredit olish imkoniyati bor. Buning uchun bankka murojaat qilish shart emas, balki istagan vaqtda, hatto dam olish kunlari ham mijozlarga bir million so’mgacha qarz beriladi. Shuningdek, yuridik shaxslar va fermer xo’jaliklari “Agrobank-Mobil-Biznes” ilovasi orqali onlayn tarzda masofadan turib imtiyozli kreditlarni o’zlashtirishi va zarur ma'lumotlarni olishlari mumkin. Bunda fermerlar masofadan turib bemalol bank hisobraqamlarini nazorat qilishi, kredit rasmiylashtirishi mumkin.
Davron Riqsiev, “Qishloqqurilishbank xalqaro to’lov tizimlari bilan ishlash bo’limi boshlig’i:
– Biz ayni vaqtda kobeyjing kartalarini chiqardik. Uning oddiy kartochkalardan farqi o’zimizning UzCard va xorijiy UnionPay tizimida bir vaqtda ishlaydi. Ya'ni yurtimizda oddiy so’m kartasi, xorijda esa valyuta kartasi sifatida to’lovga qabul qilinadi. Bu dunyoning 170 mamlakatida va UnionPay infratuzilmasi mintaqalarida ishlaydi. Jahonda bunday karta orqali savdo qiladigan 10 milliondan ortiq savdo-servis korxonalari mavjud. Ular orqali kontaktsiz to’lov texnologiyasi bo’yicha hisob-kitob qilish mumkin.
Eng muhimi esa xorijga xizmat safari yoki ish bilan borayotgan inson ketishdan oldin xorijiy valyutani sotib olishga va qo’shimcha ravishda konversion karta ochishiga hojat qolmadi.
Sardor Eshmuradov “O’zsanoatqurilishbank” kichik biznesni kreditlash departamenti bo’lim boshlig’i:
– Bankimiz O’zbekistondagi yirik investitsiya muassasasi sifatida faoliyatini rivojlantirib bormoqda. Xususan, ishlab chiqarish ob'ektlarining atrof-muhitga zararli ta'sirini kamaytirish va energo-tejamkorligini oshirishga qaratilgan “Green banking” tizimi asosida moliyalashtirish mexanizmlari va xizmat turlarini joriy etish rejalashtirilgan. Аyni vaqtda biz yirik korxonalar hamda kichik biznes sub'ektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy kredit liniyalarini jalb qilish va savdoni moliyalashtirish sohasida dunyoning yetakchi banklari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Germaniyaning “Landesbank”, “Commerzbank”, “ODDO BHF”, Аvstriyaning “Raiffeisen Bank”, Rossiyaning «Gazprombank» hamda Turkiya va Janubiy Koreya Eksimbanki shular sirasidandir.
Qayd etish joizki, ko’rgazmada har bir bank kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar bo’yicha tanlov g’oliblarini taqdirlamoqda.