English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng yuqori aqliy samaradorlik – 30 yoshda
08:51 / 2025-11-29

Kembrij universiteti olimlari 90 yoshgacha bo‘lgan 4 mingga yaqin insonning miya faoliyatini skanerdan o‘tkazib, miya hayot davomida besh asosiy bosqichdan o‘tishini aniqladi. Tadqiqotga ko‘ra, odamning miyasi tug‘ilgandan boshlab o‘limgacha bir xil ritmda rivojlanmaydi, balki har bir bosqichda o‘ziga xos o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Eng e’tiborlisi — yoshlik davri 32 yoshgacha davom etishi va aynan shu yosh atrofida miyaning eng samarali ishlashi aniqlangan.

Miyaning rivojlanish bosqichlari:
1. Bolalik (0–9 yosh)

Bu davrda miya juda tez o‘sadi. Shu bilan birga, ortiqcha nerv aloqalari “tozalanadi” va asta-sekin tartibga solinadi. Miya hali samarali ishlamaydi — bolalarning fikri bir joydan ikkinchi joyga tez chalg‘ishi aynan shu bilan bog‘liq.

2. Yoshlik davri (9–32 yosh)

9 yoshdan boshlab miya aloqalari qayta qurilib, yanada samarali ishlay boshlaydi. Bu davr inson hayotidagi eng muhim pallalardan biri, chunki:

Miya eng yuqori ish faoliyatiga 30 yosh atrofida yetadi.

Ruhiy kasalliklar aynan shu bosqichda eng ko‘p uchraydi.

Yoshlikning 32 yoshgacha cho‘zilishi — ilgari o‘ylanganidan ancha uzoq.

Bu davr o‘smirlik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, yangi tadqiqot uni kattalikning bir qismigacha davom etishini ko‘rsatdi.

3. Balog‘at (32–66 yosh)

Bu — miyaning eng uzun va barqaror bosqichi. O‘zgarishlar sekin kechadi, lekin aynan shu davrda rivojlanish teskari tomonga o‘tib, asta-sekin pasayish boshlanadi. Tadqiqotchilar buni “intellektual plato” deb ataydi.

4. Erta qarilik (66–83 yosh)

Bu bosqichda miya bir butun tizim sifatida ishlashdan ko‘ra, bir nechta kichik bo‘linmalarga ajralib faoliyat yurita boshlaydi. Demensiya, qon bosimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar aynan shu yoshdan sezila boshlaydi.

5. Kechki qarilik (83+ yosh)

Bu davr kam o‘rganilgan, chunki sog‘lom miyaga ega katta yoshli odamlar soni kam. Ammo aniqlanishicha, bu bosqichda erta qarilik davridagi o‘zgarishlar yanada kuchliroq bo‘ladi.

Tadqiqot nimani anglatadi?

Olimlar fikricha, ushbu model hayotning turli davrlarida nima uchun ruhiy kasalliklar, demensiya va boshqa miya muammolari turlicha namoyon bo‘lishini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Shuningdek, insonning 30 yosh atrofida eng yuqori kognitiv darajaga chiqishi — hayotning muhim o‘zgarishlari bilan mos tushishi ta’kidlanadi.

Edinburg universiteti professori Spayrs-Jons natijalarni hozirgi ilmiy tushunchalar bilan “juda yaxshi mos” deb baholagan, ammo har bir insonda bu bosqichlar bir xil kechmasligini qayd etgan.

Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA