Eng yirik sanoat korxonalariga tashrif
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi Sho‘rtan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” faoliyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan press-tur tashkil etildi.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi Sho‘rtan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” faoliyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan press-tur tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari 27-29 fevral kunlari Prezidentimizning 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida uglevodorod xom ashyosini qazib olishni yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishadi.
Tadbir Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tashrif bilan boshlandi.
Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi – O‘zbekistonda neft va gaz sohasida yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lib, tashkiliy jihatdan “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi ishlab chiqarish bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi.
Boshqarmaning asosiy ishlab-chiqarish faoliyati gaz qazib olish va uni qayta ishlash, neft qazib olish, barqarorlashgan gaz kondensati ishlab chiqarish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, oltingugurt ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining tabiiy gazni qayta ishlashning asosiy texnologik qurilmalari Bosh Inshoot hududida joylashgan bo‘lib, yer maydoni 140 gektardan ortiqroqni tashkil etadi.
Hozirgi kunda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 12 ta gaz konlari mavjud bo‘lib, ularning 11 tasidan (“Sho‘rtan”, “Janubiy Tandircha”, “Buzaxur”, “Sharqiy Buzaxur”, “Chunag‘ar”, “Tarnasoy”, “Nomozboy”, “Zafar”, “Oydin”, “Topichaksoy”, “Yormoq”) gaz va gazkondensati qazib chiqarishda foydalanilmoqda.
“Sho‘rtan” Bosh Inshooti gazni tayyorlash va qayta ishlash qurilmalarida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli gaz konlaridan tashqari “Gissarneftegaz”, “Epsilon Development Company” hamda “Lukoyl-Uzbekistan Opereyting Kompani” MChJ qo‘shma korxonalari tomonidan yetkazib berilayotgan tabiiy gaz ham qayta ishlanadi.
2019 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ umumiy reja ko‘rsatgichlarining bajarilishida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining ulushi, gaz qazib chiqarish bo‘yicha 26,8 foizni, neft qazib chiqarish bo‘yicha 30,6 foizni, kondensat ishlab chiqarish bo‘yicha 25,5 foizni, propan-butan aralashmasini ishlab chiqarish bo‘yicha 35,7 foizni, oltingugurt ishlab chiqarish bo‘yicha 0,6 foizni tashkil qildi.
Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishlatilayotgan mavjud texnologik qurilmalar bir necha o‘n yillardan buyon ishlatilib kelinayotganligi sababli ularni rekonstruksiya qilish, texnologik jihatdan yangilash, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida bir qancha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Propan-butan aralashmasi olish qurilmasi 3/1,2,5-navbatlari”, “Amin yordamida gazni tozalash qurilmasi 1,2-navbatlari”, “Seolit yordamida gazni tozalash qurilmasi”ni modernizatsiya qilish loyihalari shular jumlasidandir.
“Nomozboy” gaz kondensat koni press-tur ishtirokchilariga katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur konda ish 2014 yil avgust oyida boshlangan. Konning uzunligi 4,8 kilometr, eni 3,5 kilometr, balandligi 198 metr. Ayni paytda bu yerdagi 5 ta quduqdan bir kunda 50 ming metr kub gaz va 1 tonna kondensat qazib olinayotir. Olingan tabiiy gaz yig‘uv joyidagi separatorlarda tayyorlovdan o‘tkaziladi va Shimoliy G‘uzor konining 31 kilometrlik gaz quvuri bilan gazni separatsiyalash qurilmasiga uzatiladi.
Qurilma separatorlarida suyuqlikdan qo‘shimcha tozalangan gaz “Shimoliy Nishon” siquv kompressor stansiyasida yoki “Sho‘rtan” siquv kompressor stansiyasining 2 va 1-navbatlarida bosimi oshiriladi hamda qayta ishlash uchun Bosh Inshootga uzatiladi.
Shu kuni tadbir ishtirokchilari Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli kompressor stansiyasi faoliyati bilan ham tanishishdi. Bugungi kunda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 3 ta majmuaviy siquv kompressor stansiyalari faoliyat yuritmoqda. Ular orqali tabiiy gaz bosimi ko‘tarilib bosh inshoot qurilmalariga yetkazib beriladi.
Press-tur davom etmoqda.