Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng yaxshi taklif va g‘oyalar g‘olib bo‘ldi
19:18 / 2023-03-13

Navoiy shahridagi “NKMK tarixi” muzeyida Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati yosh ishchi-xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Kombinatda ixtirochilik yo‘nalishida ishlarning tizimli yo‘lga qo‘yilgani, bu yo‘nalishda izlanishlar olib borish uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani, qolaversa, kombinat tomonidan mualliflarga qaratilgan alohida e’tibor va rag‘bat tufayli ishchi-xodimlar o‘rtasida ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflari ustida yanada ko‘proq ish olib borilmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarishdagi muammolar hal etilib, iqtisodiy samaradorlik oshmoqda.

bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatida ixtirochilik va ratsionalizator yoshlar va mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida “Eng yaxshi ixtirochi”, “Eng yaxshi yosh ratsionalizator”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya va ratsionalizatorlik taklifi” ko‘rik-tanlovlari, shuningdek, hamma bo‘linmada yosh ratsionalizatorlar klublari, sex, zavod, kon va shaxtalarda to‘garaklar tashkil etilgan.

[gallery-10962]

2018-2021 yillarda kombinatda 582 ta ratsionalizatorlik taklifi ishlab chiqarishga joriy etilib, 146,5 milliard so‘m iqtisodiy samara olingan. 2022 yildagi 175 ta ratsionalizatorlik taklifidan esa 135 milliard so‘mlik iqtisodiy samara olish ko‘zda tutilgan.  

Joriy yilda “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi komissiyasiga 113 nafar ishtirokchidan 146 ta ratsionalizatorlik taklifi kelib tushgan edi. Komissiya tomonidan barcha takliflar o‘rganib chiqildi. “Geologiya”, “Konchilik”, “Oltin ishlab chiqarish texnologiyasi”, “Energetika”, “Mexanika”, “Transport”, “Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” va “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” yo‘nalishilari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

– Geologiya yo‘nalishida ikkinchi yil g‘oliblikni qo‘lga kirityapman, – deydi “Muruntov” koni Gamma-aktivlashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasi boshlig‘i Alisher Qo‘ldoshev. – Bu safar “Tezlatgichlarning transport tizimining vaqt parametrlarini optimallashtirish orqali gamma aktivatsion tahlilning samaradorligini oshirish” mavzusida ratsionalizatorlik taklifi ustida ish olib bordim. Ushbu taklifim bilan iqtisodiy samaradorlik koeffitsiyent sezilarli darajada oshadi. Geologik namunalarni tahlil qilish jarayonining vaqti qisqarib, namunalarning qayta ishlash samaradorligi oshadi.

Barcha g‘olib va sovrindorlarga tanlov Nizomiga asosan “Diplom” va pul mukofotlari topshirildi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA