Joriy yilning 31 oktyabr – 4 noyabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan “Oltin kuz” iqtidorli yosh ijodkorlar forumi doirasida “Eng yaxshi spektakllar” va Qo‘g‘irchoq teatrlarining respublika tanlovi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston davlat drama teatrida “Oltin kuz” iqtidorli ijodkor yoshlar forumining teatr yo‘nalishi bo‘yicha ochilish marosimi bo‘ldi.

Ushbu tanlov ijodkorlarning salohiyati, malakaviy ko‘nikmalarini oshirish, respublika teatrlari ijodi bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, teatr jamoalari o‘rtasida doimiy ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish uchun sharoit yaratish hamda ushbu san’at turining rivojlanishiga ko‘maklashishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
“Eng yaxshi spektakllar” tanlovida respublika teatrlarida yosh rejissyorlarimiz tomonidan sahnalashtirilgan yettita eng sara spektakl, “Qo‘g‘irchoq teatrlarining respublika tanlovi” doirasida esa o‘n bitta eng sara spektakl namoyish etiladi.

Forumda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov hamda Xalqaro teatr uyushmalari konfederatsiyasi vitse-prezidenti, bosh kotib Suxrob Mirzoyev ishtirok etdilar.

Tadbirning ochilish qismida Avazxon Tojixonov yosh ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning teatr san’atidagi faoliyatini rag‘batlantirish hamda zamonaviy sahna ijrochiligi yo‘nalishida erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritdi.
Tanlovning ilk kunida O‘zbekiston davlat drama teatri sahnasida “Iskandar” spektakli namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA