Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 67-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borar ekanman, uzoqdan ma’rifat binosi yangi ta’mirdan chiqqanini ko‘rib quvonib ketdim. Maktab atrofi asfalt qilingan.
Ilm maskanida hali qurilish ishlarining allanechuk ifori ketmagan, hamma tozalik-ozodalik ishlari bilan band. Atrofga gul ko‘chatlari o‘tkazilyapti. Shu ikki oy ichida bunchalik tez o‘zgarishlar bo‘lganidan hayratim oshdi.
–Hammasiga shukur deging keladi,– deydi maktab direktori Gulnora Xoliqova. – Yurtimiz mustaqilligining 30 yilligiga davlatimiz ko‘magi bilan maktabimizning kapital remontdan chiqqanligi barcha maktab jamoasi, o‘qituvchilaru o‘quvchilar, ota-onalar uchun quvonchli voqea bo‘ldi. 840 nafardan ortiq o‘quvchi yangi ta’mirdan chiqqan o‘quv xonalarida saboq olishadi. Ular uchun sport zallari, kompyuter xonalar, oshxonalar foydalanish uchun tayyor,–- deydi opa xursandchiligini yashira olmay.

Darhaqiqat, bilimga, ta’limga e’tibor orqali biz istiqlol davrida, ayniqsa, keyingi yillar ichida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Prezidentimiz tashabbusi bilan maktablarda ijodiy ishlarni jonlantirish, o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatini yuksaltirish maqsadida yozuvchi va shoirlarning maktablarga biriktirilishida ham katta hikmat bor. Beixtiyor Cho‘lponning « Adabiyot yashasa, millat yashaydi», degan so‘zlari naqadar haq ekanligini ko‘ramiz. Men ham bir ijodkor sifatida maktab tadbirlarida ishtirok etdim.

Maktabda faoliyat yuritayotgan 45 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchini haqiqiy ustozlar, degim keladi.
Kuni kecha maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Umidaxon Jabborova qo‘ng‘iroq qilib, “Ayni kunlarda o‘rnim maktabda bo‘lishi kerak edi, oyogim lat yeb, uydaman. Afsusdaman, tezroq ishga chiqishim kerak”, deb kuyinib gapirishining o‘ziyoq bu maktabda aynan fidoiy insonlar ishlashidan dalolat.
Ma’naviyat fidoyisi Arofat opani maktabning yuragiga o‘xshataman. U kelishi bilan hammayoq jonlanib ketadi. Uning boshchiligida o‘tkazilgan barcha tadbirlar yuqori saviyada, bolalar xotirasida esda qolarli darajada, mazmunli o‘tadi.
«Eng yaxshi sarmoya ta’limga kiritilgan investitsiyadir». Ushbu mashhur iqtibos barcha zamon va makonlarga daxldor.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi, mustaqillik bayramining nishonlanishi bu bizga baxt va tole berilgan kunlar, degim keladi. Faqat bu kunlarning qadriga yetish, bildirilgan ishonchga munosib javob berish muhim.
Hilola Ibrohimova.
Yashnobod tumani 67- umumiy o‘rta ta’lim maktabi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.