O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov boshchiligidagi guruh a’zolari Surxondaryo viloyatidagi ipak qurti parvarishining uchinchi va to‘rtinchi mavsumi bilan tanishdi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatiga 3 ming 60 quti ipak qurti urug‘i shartnoma asosida tarqatilgan edi. Shunga ko‘ra, hozirda bir quti ipak qurtini parvarishlagan kasanachi xonadonida kamida 2-3 nafar odam ish bilan band bo‘lmoqda. Bu bilan viloyatning o‘zida uchinchi va to‘rtinchi mavsumlarda 8 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlandi. Mazkur pillakorlar 122 tonnalik pilla xirmonini bunyod etishni maqsad qilishgan.
Pilla qabuli jarayonida kasanachilarga yetishtirgan 1 kg pilla hosili uchun tarozining ustida 25 ming so‘mdan ish haqi to‘lab berilmoqda. Pillakorlar yetishtirgan hosilning o‘rtacha ko‘rsatkichi bir quti ipak qurti urug‘idan 40 kilogramdan 50-60 kilogacha pillani tashkil etmoqda.
Eng yaxshi ishlagan 11 nafar pillakor “Surxon ipagi” MCHJ pillachilik klasteri tomonidan esdalik sovg‘alari bilan ham taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA