Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi hududiy tibbiyot birlashmalarida 2025 yil davomida onalik va bolalikni muhofaza qilishda patronaj doyalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Tadbirda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva joriy yilda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida belgilangan ustuvor vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritdi. Qayd etilganidek, hududlarda tibbiy yordamni maqsadli yo‘naltirish tizimini yuqori darajada tashkil etish, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

– “Ishonch-2030” loyihasi asosida Toshkent viloyatidagi 21 ta tug‘ruq muassasalari 23 xil turdagi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi, – deydi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Rahmatullayeva. – Bu orqali soha xodimlariga ham qulaylik yaratildi. Chirchiq shahar tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 101 o‘rinli tug‘ruq muassasasi ilk bor faoliyatini boshladi. Chinoz tumanidagi 100 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi binosi mukammal ta’mirdan chiqarildi va foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ham sarhisob qilishga arzigulik natijalar bor. Masalan, Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vaziri M.Zabelin va Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i T.Arziqulov tomonidan o‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan joriy yil 26 nafar akusher-ginekologlar, neonatologlar va reanimatologlar malaka oshirib qaytdi.

Tadbir doirasida “Patronaj doya – ayol salomatligi” ko‘rik-tanlovi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “Eng yaxshi patronaj doya”, “Eng namunali sog‘lom oila xonasi patronaj doyasi”, “Eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Ona sutining eng faol targ‘ibotchisi”, “Og‘ir holatda zudlik bilan to‘g‘ri qaror qabul qilgan patronaj doya” kabi 10 dan ortiq turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar boshqarma tomonidan taqdirlandi.
A.Musayev,O‘zA.