Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Sho‘rquduq mahallasida joylashgan 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida “Eng kitobxon o‘quvchi” tanlovi o‘tkazildi.
2023-yilning sentyabr oyida shu mahallada yashovchi tadbirkor Nishon Karimov maktab o‘quvchilari o‘rtasida ushbu tanlovni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edi.
Tadbirkor tomonidan o‘quvchilariga o‘zbek va jahon adabiyotidagi eng mashhur 10 ta badiiy asar ro‘yxati berilib, tanlov g‘olibi zamonaviy kompyuter jamlanmasi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari esa kitoblar to‘plami bilan taqdirlanishi e’lon qilingandi.
--- Bu tashabbus o‘quvchilarimizni nihoyatda ruhlantirib yubordi,-- deydi maktab direktori Muhammadisharif To‘rayev.-- Ular o‘tgan vaqt davomida ushbu asarlarni o‘qib, tanlovga astoydil tayyorgarlik ko‘rishdi. Tanlovning dastlabki bosqichida 50 dan oshiq o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, hal qiluvchi bosqichda ular orasidan saralangan 12 nafar o‘quvchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
-Tanlovning dastlabki shartida o‘quvchilar 10 tadan test savollarini yechgan bo‘lsa, ikkinchi shartda o‘zlari tanlagan biletdagi parcha qaysi asardan olinganini aytib, ushbu asarning mazmuni haqida qisqacha so‘zlab berishdi. Ularning natijalari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 8-sinf o‘quvchisi Malika Yoqubova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Unga noutbuk va kitoblar sovg‘a qilindi. 2-o‘rinni Javlon Ravshanov va Shodiyona Sherxonova egalladi. Ularga bir million so‘mlik kitoblar topshirildi.
Shuningdek, tadbirkor tomonidan maktab kutubxonasiga ham kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri