Bugungi kunda kitobga mehr, mutolaa madaniyatini shakllantirish va kitobxon avlodni tarbiyalash ta’lim tizimining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Sirdaryo viloyat bolalar kutubxonasida “Eng yaxshi kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan topshiriqlariga muvofiq, o‘quvchilarda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ma’naviy dunyosini boyitish hamda sog‘lom ijtimoiy fikrni qaror toptirish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirda viloyatning turli hududlaridan saralangan umumta’lim maktablarining kitobxon jamoalari ishtirok etdi. Ular nafaqat kitobga bo‘lgan qiziqishlarini, balki ijodkorlik, fikrlash madaniyati va jamoaviy ishlash salohiyatini ham namoyon etishdi.

Tanlov yakunida 1-o‘rinni Sardoba tumanidan kelgan 16-umumta’lim maktabining “Bilimdonlar” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘ringa Oqoltin tumanidagi 15-umumta’lim maktabning “Kitobsevarlar” jamoasi, 3-o‘ringa Guliston shahridagi 6-umumta’lim maktabning “Zukko kitobxon” jamoasi sazovor bo‘ldi.
G‘olib jamoalar musobaqa tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri