Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng yaxshi ixtirochi ayollar aniqlandi
14:06 / 2022-08-07

Andijon Mashinasozlik institutida “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli – 2022” haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” tanlovi g‘oliblari ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoniga asosan, “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli – 2022” haftaligi doirasida o‘tkazilgan  tanlovda 40 nafardan ziyod ixtirochi, ratsionalizator va olima ayollar o‘zlarining ixtiro, innovatsion g‘oya, taklif  va ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etdi.

 Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Abdullayeva va boshqalar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarga, xususan, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan opa-singillarimizga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ular o‘zlarining ilmiy-ijodiy salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.

Ayol nafaqat oila bekasi, farzandlar tarbiyachisi, balki jamiyatning faol a’zosidir. E’tirof etish kerakki, iqtidorli xotin-qizlarimiz fan va texnika taraqqiyotining barcha yo‘nalishlarida o‘zlarining ilmiy-amaliy izlanishlari, ixtiro, innovatsion loyiha va ilmiy ishlanmalari bilan yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlar yaratish jarayonlarida ham faol ishtirok etmoqda.

–Iqtidorli, yuksak ilmiy salohiyatga ega  xotin-qizlarni, shuningdek, ular tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning asosiy yo‘nalishlari, holati, darajasi va ahamiyatini aniqlash, ixtirochi va ratsionalizator opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda haqiqatdan ham o‘z sohasi mukammal egallagan xotin-qizlar qatnashdi, – deydi tanlov hakamlar xay’ati raisi, professor Qudratillo Ibaydullayev. – Ishtirokchilarning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan innovatsion loyihalari, ilmiy-texnikaviy ishlanmalari, amaliyotga tatbiq etilishi bo‘yicha qiziqarli taqdimotlari nafaqat hakamlarda, balki keng ilmiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yakunda  “Eng yaxshi ixtiro va foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i va ratsionalizatorlik taklifi”, “AKTni rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng yaxshi biznes-loyiha”, “Hunarmand xotin-qizlarning eng yaxshi innovatsion loyihasi” singari 10 ta nominatsiya bo‘yicha taqdimotlar orasidan eng yaxshilari g‘olib, deb topildi.

– Tanlovda “Texnika oliygohlarida mutaxassislik fanlarini o‘qitishni fizik hodisalar asosida modernizatsiya qilish (“Mexatronika va robototexnika” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi misolida)” nomli loyiha bilan ishtirok etib, “Yangi pedagogik texnologiyalar bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldim, – deydi Andijon Mashinasozlik instituti mustaqil tadqiqotchisi Saida Atajonova. – Mazkur loyihada "Mexatronika va robototexnika" ta’lim yo‘nalishini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, texnika sohasida ayollar faoliyatini rivojlantirish, yangi pedagogik texnologiya va usullar yaratish, zamonaviy o‘quv adabiyotlarni yaratish va nashr etish bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilishi belgilangan.

Barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto) O‘zA