Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” tanlovi o‘tkazildi
16:59 / 2025-10-22

Sirdaryo viloyatida yoshlarning ijtimoiy faolligi va ijodkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovning maqsadi  talabalarning ijtimoiy sohadagi bilim va ko‘nikmalarini amaliyot bilan bog‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlariga yordam beruvchi innovatsion g‘oya va yechimlarni ilgari surishdan iborat edi. Bu tashabbus Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M. Olloyorovning Sirdaryo viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari chog‘ida bildirgan taklifi asosida amalga tatbiq etildi.

– Bu tanlov yoshlarni ijtimoiy himoya sohasida faol bo‘lishga, jamiyatdagi muammolarga ijodiy yondashuv bilan yechim izlashga undaydi, – deydi agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Quvonchbek Hamdamov. – Eng muhimi, bu jarayon orqali yoshlar nazariy bilimlarini amalda qo‘llash imkoniga ega bo‘ladilar.

Tanlov ikki bosqichda tashkil etildi. Dastlab ishtirokchilar o‘z loyihalarining pasportlarini taqdim etdilar, keyin ularni hakamlar hay’ati oldida himoya qildilar. Baholashda loyihalarning dolzarbligi, ijtimoiy ahamiyati, innovatsion yondashuvi va amalga oshirish imkoniyatlari asosiy mezon sifatida e’tiborga olindi.

Jami 20 nafardan ziyod talabalar o‘z ijtimoiy g‘oyalarini namoyish etishdi. Ko‘rik yakuniga kelib, g‘oliblar aniqlandi. Birinchi o‘rinni “International School of Finance Technology and Science” nodavlat oliy ta’lim muassasasi talabasi Yo‘ldosheva Zamira Baxtiyor qizi qo‘lga kiritdi. Uning “ImkonEdu” nomli loyihasi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun moslashtirilgan  ilova bo‘lib, bolalarning qobiliyati va ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘quv jarayonini oson, qiziqarli va samarali tashkil etishni ko‘zda tutadi. Loyihada ovozli o‘qish, kattalashtirilgan shriftlar va onlayn ta’lim imkoniyatlari kabi qulayliklar nazarda tutilgan. Bu ilova orqali maktabga bora olmaydigan bolalar ham uy sharoitida ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ikkinchi o‘rin Guliston davlat universiteti talabasi Shamiddinova O‘g‘loy Kamoliddin qiziga nasib etdi. Uning “OsonSign” loyihasi o‘zbek imo-ishora tilini interaktiv usulda o‘rganish imkonini yaratadi. Bu tashabbus eshitmaydigan fuqarolar bilan muloqot madaniyatini kengaytirish, axborotga teng kirish imkoniyatini ta’minlash va “hamma uchun ochiq jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Uchinchi o‘rinni Guliston davlat universiteti magistri Hamidova Zarina Sherali qizi qo‘lga kiritdi. Uning “Ko‘chma tikuv sexi – ayollar bandligi va hunarmandchilikni rivojlantirish loyihasi” qishloq va chekka hududlardagi ayollar uchun mehnat va daromad imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Maxsus jihozlangan mobil ustaxona aholi zich yashaydigan, ammo ish o‘rinlari cheklangan hududlarga borib xizmat ko‘rsatadi. Shu yo‘sinda ayollar amaliy ko‘nikmalarni egallab, tayyor mahsulotlarni yarmarkalar va onlayn savdo orqali sotish imkoniga ega bo‘ladilar.

– Yoshlarning ijtimoiy sohadagi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash — jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichiga yo‘l ochadi, – deydi tanlov ishtirokchisi Aziza Eshmuhammedova. – Bu kabi imkoniyatlar orqali biz nafaqat ijtimoiy muammolarga yechim izlaymiz, balki o‘z loyihamizni amalga oshirish uchun ishonch va ilhom olamiz.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tanlovga taqdim etilgan ko‘plab loyihalarni bemalol amaliyotga joriy etish mumkin.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri