Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari
16:33 / 2025-04-16

Har qanday islohotning muvaffaqiyati,avvalo, bilim va tarbiyaga bog‘liq. Bugungi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar faqatgina qonunlar qabul qilinishi bilan emas, balki ularni jamiyat ongiga teran singdira oladigan bilimdon, fidoiy o‘qituvchilar orqali hayotga tatbiq etilayotgani tufayli ham ahamiyatlidir.

Adliya vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ilk bor tashkil etgan “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.

Uch bosqichli ko‘rik-tanlovning Sirdaryo viloyat saralash bosqichida 33 nafar iqtidorli huquq o‘qituvchisi o‘zaro bilim va tajribasini namoyish etdi. Tanlov ikki yo‘nalishda– blits savol-javob hamda mavzuli taqdimot ko‘rinishida o‘tkazildi.

Blits bosqichda ishtirokchilarning huquq sohasidagi aniq va tezkor bilimlari baholansa, mavzuli taqdimotda ularning jamoat oldida nutq so‘zlash madaniyati, tahlilchilik qobiliyati va ijodkorlik salohiyatiga e’tibor qaratildi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, eng yaxshi huquq o‘qituvchisi deb Guliston shahridagi 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Maftuna Abdusalomova e’tirof etilgan bo‘lsa, 2-o‘ringa Xovos tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilshod Urumbayev, 3-o‘ringa Mirzaobod tumani 1-IDUM o‘qituvchisi Jahongir Asqarov munosib deb topildi.

G‘oliblar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, ular Respublika bosqichida qatnashish huquqini ham qo‘lga kiritdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri